O‘zbekiston Markaziy banki konversion kartalardan foydalanishdagi cheklovlar olib tashlangani haqida xabar qildi.

Jumladan, bankomatlardan naqd pul yechib olish bo‘yicha kunlik va oylik limit bekor qilindi. Karta egalari endilikda cheklanmagan miqdordagi mablag‘larni yechib olishlari mumkin.

Bundan tashqari, konversion kartalardan foydalanishda mamlakat va turli xil maqsadlar bo‘yicha o‘rnatilgan cheklovlar bekor qilindi. Endilikda ushbu kartalar orqali dunyoning barcha mamlakatlarida istalgan do‘kon, mehmonxona va to‘lov qabul qilish imkoni mavjud bo‘lgan nuqtalarda to‘lovlarni amalga oshirish mumkin

Konversion kartalardagi mablag‘lardan O‘zbekistondagi banklar orqali tegishli hujjatlar (invoys) taqdim etgan holda davolanish, o‘qish va boshqa maqsadlar uchun foydalanish mumkin.

Dekabrdan boshlab konversion kartalar orqali mehmonxonalar, aviachiptalar va onlayn do‘konlardagi xaridlar uchun internet-to‘lovlarni amalga oshirish mumkin.

chChet elga pul o‘tkazmasi amalga oshirilayotganda jismoniy shaxslarning milliy valyutadagi naqd pul mablag‘larini, shu jumladan, ularning bank kartalaridagi mablag‘larini avtomatik tarzda konvertatsiya qilish tartibi joriy qilindi.

Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan chet el valyutasini sotib olish va sotish bilan bog‘liq bank komissiyalarining pasayish tendensiyalari kuzatilmoqda. Jumladan, konversion karta orqali to‘lov uchun — 0,5−1 foiz belgilangan bo‘lsa, jismoniy shaxslardan chet el valyutasini sotib olishda komissiya undirilmaydi. Yuridik shaxslar mablag‘larining konvertatsiyasi uchun esa asosan 0,2−0,5 foizlik komissiya olinadi.