Andijon hokimi Dilmurod Rahmatullayev 16 oktyabr kuni shahardagi qator ta’lim muassasalarining rahbarlarini nojo‘ya so‘zlar bilan haqorat qilgani uchun javobgarlikka tortilishi mumkin. Bu haqda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati xabar qildi.

Xabarda qayd etilishicha, Xalq deputatlari Andijon shahar kengashi raisi ham hisoblangan hokimga nisbatan Andijon viloyati prokuraturasi tekshiruv o‘tkazmoqda.

«D.Rahmatullayevning harakatlarida sud tartibida ko‘rib chiqilishi lozim bo‘lgan ma’muriy huquqbuzarlik alomatlari bo‘lganligini inobatga olgan holda, Andijon viloyat prokuraturasi tomonidan xalq deputatlari Kengashiga D.Rahmatullayevni javobgarlikka tortishga rozilik olish to‘g‘risida taqdimnoma kiritilgan», - deyiladi xabarda.

Hozirgi kunda mazkur taqdimnoma Kengashi tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.