O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 4 dekabrdagi qarori bilan turistik vizalar berish tartibiga o‘zgartirishlar kiritildi. Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmatining xabar qilishicha, qaror 2018−2019 yillarda turizm sohasini rivojlantirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar dasturi ijrosi doirasida qabul qilindi.

Yakka tartibdagi xorijiy sayyohlar uchun endilikda 30 kun muddatga beriladigan yagona turistik viza amal qilinadi. Avval yakka tartibdagi xorijiy turistlar uchun 30 kun muddatga beriladigan kirish turistik vizalarini joriy qilindi. Ilgari, qisqa muddatli (7 yoki 15 kunga) turistik vizalarini olgan chet el fuqarolari biror bir sababga ko‘ra qaytish reysining ushlanib qolishi oqibatida ko‘pchilik hollarda vizani uzaytirish muammosiga duch kelar edi.

Yakka tartibdagi xorijiy sayyohlar uchun kirish turistik vizalarini rasmiylashtirish narxi uchdan bir qismga —  60 AQSH dollaridan 40 dollarga kamaytirildi. Davlat turizm qo‘mitasining qayd etishicha, turistik vizaning yuqori narxda bo‘lishi mamlakatga sayohat qilish uchun qaror qabul qilishga to‘siq bo‘luvchi omillardan biri edi.

Bundan tashqari, turistik vizani rasmiylashtirish uchun quyi chegara ikki barobarga (10 nafardan 5 nafarga) kamaytirildi. Xorijiy mamlakatlardagi tashrif buyurishni xohlovchi sayyohlarga 10 kishilik guruhni yig‘ish ma’lum qiyinchiliklarga olib kelardi, chunki guruh aksariyat hollarda 5 yoki undan ortiq kishidan tashkil topgan oila a’zolari yoki yaqin tanishlardan shakllantirilar edi. Guruxlar uchun viza narxi 15 kunga bir kishiga 15 AKSH dollarini, 30 kunga — 25 AKSH dollarini tashkil etadi.