1 dekabrdan Yagona davlat interaktiv davlat xizmatlari portalining yangi talqinida ko‘chmas mulk bilan bog‘liq operatsiyalarni yengillashtiruvchi xizmatlar ishga tushirildi. Bu haqda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi axborot xizmati xabar qildi.

Uy-joy egalari o‘z uy-joyi mavjudligi yoki mavjud emasligi to‘g‘risidagi guvohnoma hamda mol-mulkka nisbatan xatlov yoki taqiq borligi to‘g‘risida ma’lumot olish bo‘yicha xizmatlardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Hozircha Toshkent shahrida istiqomat qilayotgan yuridik va jismoniy shaxslar ushbu xizmatlardan foydalanishlari mumkin. Buning uchun kadastr raqamini va manzilni o‘z ichiga olgan shaxsiy kabinetda uy-joy to‘g‘risidagi ma’lumotlarni to‘ldirish kerak. Ma’lumotnoma olish uchun so‘rov kiritilgach, javob avtomatik tarzda taqdim qilinadi, deyiladi xabarda.

O‘z uy-joyining mavjudligi yoki mavjud emasligi to‘g‘risidagi ma’lumotnomani olish uchun maxsus shaklni to‘ldirishlari zarur. Ma’lumotnomani shakllantirish muddati uch ish kunini o‘z ichiga oladi.

Mulk bo‘yicha xatlov yoki taqiqlarning mavjudligi to‘g‘risida ma’lumot uch ish kuni mobaynida bepul taqdim etiladi.

YAIDXPning «Ko‘chmas mulk» bo‘limida quyidagi xizmatlar taqdim etilmoqda:

Ko‘chmas mulkni hadya etish yoki ayriboshlash, oldi-sotdi bo‘yicha murojaatnoma yo‘llash;

Yer uchastkasiga bo‘lgan huquqning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgani to‘g‘risida guvohnoma olish;

Turar joyni noturar joy toifasiga o‘tkazishga ruxsatnoma olish.