4 dekabr kuni vitse-prezident Piter Maxer boshchiligidagi Vebster universiteti delegatsiyasi Toshkentga tashrif buyurdi. Delegatsiya tarkibidan Biznes va texnologiyalar maktabi va mazkur OTMning Ta’lim maktabi dekanlari Simmon Kummings hamda Brend Fayf ham o‘rin olgan.

TIV matbuot xizmatining xabar qilishicha, tashrifdan ko‘zlangan maqsad O‘zbekiston tomoni bilan Vebster universitetining Toshkent shahridagi filialini ochish bilan bo‘liq texnik, huquqiy va moliyaviy jihatlar hamda yangi o‘quv yilidan — 2018 yilning sentabr oyidan boshlab ta’lim muassasasi faoliyatini boshlash masalalari muhokama qilinadi.

Toshkent shahrida AQSH universitetining birinchi filiali ochilishi to‘g‘risidagi O‘zbekiston oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va Webster universiteti o‘rtasidagi bitim O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning sentabr oyida Nyu-York shahriga tashrifi doirasida o‘tkazilgan O‘zbekiston-AQSH biznes-forumi yakuni bo‘yicha imzolangan.

Vebster universiteti delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi dasturida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Maktabgacha ta’lim, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalar vazirliklarida uchrashuvlar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan. Muzokaralar davomida mamlakatimizda Vebster universiteti filiali faoliyatining tashkiliy va huquqiy jihatlari muhokama qilinadi hamda Universitet tomonidan tuziladigan o‘quv dasturlari kelishib olinadi.

O‘zbekistonning Vashington shahridagi elchixonasi ma’lumotlariga ko‘ra, AQSH delegatsiyasi O‘zbekistondagi ta’lim muassasalarida tashkil etilgan o‘quv jarayoni bilan tanishish maqsadida bir qator milliy universitetlarga (O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti) hamda xorijiy OTMning filiallariga (Inha universiteti, Turin politexnika universiteti, Singapur menedjment instituti, Vestminster universiteti) ham tashrif buyuradi.

Rejaga ko‘ra, Vebster universitetining filialida O‘zbekistonlik talabalar «axborot texnologiyalari», «axborot xavfsizligi», «OAV rivojlanishi», «biznes», «tabiiy fanlar» va «pedagogika» kabi ta’lim yo‘nalishlarida bakalavr va magistr darajasini olishlari mumkin bo‘ladi. O‘qish AQSH universiteti professorlari va mahalliy o‘qituvchilar tomonidan ingliz tilida olib boriladi.

Vebster universiteti 1915 yilda Missuri shtati Sent-Luis shahrida tashkil etilgan. Universitetning muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgan Shveytsariya, Avstriya, Gretsiya, Gollandiya, Xitoy, Tailand va Gana kabi davlatlarda 7 ta xalqaro filiallari mavjud. Shuningdek, 2017 yilda Amerikaning eng yaxshi universitetlari reytingida 24-o‘rinni egallagan.