Toshkentning «Lokomotiv» futbol klubi O‘zbekiston Kubogi finalida «Bunyodkor» ustidan g‘alaba qozonib (0:1), ketma-ket ikkinchi marta «oltin dubr» qayd etdi.

Uchrashuvdagi yagona golni «temir yo‘lchilar» hujumchisi Marat Bikmayev kiritdi va 26 ta gol bilan O‘zbekiston chempionatining eng yaxshi to‘purariga aylandi.

Bundan avvalroq «Lokomotiv» Oliy liga chempioni ham bo‘ldi. O‘tgan yili ham Andrey Miklyayev shogirdlari mamlakat chempionati va Kubogida g‘olib bo‘lgan edi.

Futbol federatsiyasi matbuot xizmatining xabar qilishicha, chempionlarga kubokni O‘FF prezidenti Umid Ahmadjonov va Osiyo futbol konfederatsiyasi prezidenti Salmon bin Ibrohim al-Xalifa topshirdi.

«Lokomotiv"ning 36 yoshli kapitani Timur Kapadze uchrashuvdan so‘ng karerasini yakunladi. U 12 marotaba O‘zbekiston chempioni bo‘lib, 9 marta mamlakat Kubogini boshi uzra ko‘tardi. Yarim himoyachi milliy terma jamoa tarkibida 119 ta uchrashuvda qatnashdi va „Paxtakor“, „Bunyodkor“, „Inchxon Yunayted“ (Janubiy Koreya), „Sharja“ (BAA) va „Aktobe“ (Qozog‘iston» kabi jamoalarda to‘p surdi.