Sirdaryo viloyatining futbol bo‘yicha rahbarlari Ahror Mirazimov va Jahongir Murodqosimov futbolchilar yoshi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni soxtalashtirganlikda ayblanmoqda. Bu haqda O‘FF matbuot xizmati xabar qildi.

23−29 noyabr kunlari Buxoro shahrida Qoraqalpog‘iston, Toshkent shahri va viloyatlar terma jamoalarining 2000 yilda tug‘ilgan o‘smirlar guruhlari o‘rtasida respublika chempionati bo‘lib o‘tdi. Chempionatda 12ta jamoa 4ta guruhga bo‘lingan holda qatnashdi.

O‘FF vakili Sirdaryo viloyati termasida yoshi qasddan kichraytirilgan futbolchini aniqladi. Yanada aniqrog‘i u jamoa tarkibida ro‘yxatga olinmagan. Sirdaryo viloyatining musobaqadagi barcha natijalari bekor qilindi, jamoaning o‘zi bellashuvdan chetlatildi.

O‘FF prezidenti Umid Ahmadjonov viloyat jamoasiga mas’ul bo‘lgan shaxslar — Jahongir Murodqosimov va Ahror Mirazimovni futboldan butunlay chetlashtirish va ularga futbol faoliyati bilan shug‘ullanish uchun berilgan litsenziya, sertifikatlarni bir umrga bekor qilish yuzasidan Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasiga taqdimnoma kiritdi.

Sirdaryo futbol federatsiyasiga nomi keltirilgan mansabdor shaxslarga nisbatan keskin choralar ko‘rilishi bo‘yicha topshiriq berildi.