O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 1 dekabr kuni, Xalqaro nogironlar kuni (3 dekabr) arafasida «Nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonini imzoladi. Hujjat Nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirishga qaratilgan takliflarni tayyorlash bo‘yicha komissiya tomonidan nogironlikni barvaqt aniqlash va oldini olish, nogironligi bo‘lgan shaxslarga tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish, ularni kasbga o‘qitish va ishga joylashtirish sohasidagi ishlarning ahvoli kompleks va chuqur o‘rganilgandan so‘ng qabul qilindi.

O‘zbekistonda 600 mingdan ortiq nogironlar hayot kechirmoqda. Ko‘pchilik nogironlar kundalik turmushda turli qiyinchiliklarga duch kelib, bu ularning mamlakat siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy hayotida faol ishtirok etishiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda, deyiladi farmonga berilgan rasmiy sharhda.

BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasini ratifikatsiya qilishga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar tashkil etilmoqda. «Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida"gi Qonun loyihasi ishlab chiqiladi. Insonlarning nogironlarga nisbatan munosabatini o‘zgartirish, atrofdagilarni ularning jamiyatda to‘liq va teng huquqli ishtiroki haqida xabardor qilish nogironlarning dolzarb muammolarini hal etishda o‘ta muhim va birinchi navbatdagi qadam hisoblanadi. Ushbu maqsadda «nogiron» tushunchasi muomaladan chiqarilmoqda va u eng avvalo, inson ekanligini hisobga olgan holda umume’tirof etilgan «nogironligi bo‘lgan shaxs» atamasi kiritilmoqda.

Farmonda nogironligi bo‘lgan shaxslarning davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi tizimini takomillashtirishning quyidagi asosiy yo‘nalishlari belgilab olindi:

  • nogironlik belgisi bo‘yicha kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik, nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ro‘yobga chiqarishda teng sharoitlarni va ularni buzganlik uchun javobgarlikning muqarrarligini ta’minlash;
  • nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini ta’minlash sohasidagi umume’tirof etilgan xalqaro norma va standartlarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish;
  • nogironligi bo‘lgan shaxslarga tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish darajasi va sifatini yuqori texnologiyali ixtisoslashgan tibbiy va ijtimoiy yordamdan foydalanish imkoniyatini kengaytirish orqali oshirish;
  • nogironligi bo‘lgan shaxslarning oilasi, jamiyat va davlat bilan o‘zaro aloqasini kuchaytirish, ularning qulay muhitda bo‘lishi, shahar yo‘lovchi transporti, ijtimoiy va boshqa infratuzilma ob’ektlaridan erkin foydalanishi uchun zarur sharoitlar yaratish;
  • nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamiyat ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga jalb qilinishi va faol ishtirokini ta’minlovchi inklyuziv ta’lim va ishga joylashtirish tizimini takomillashtirish va boshqalar.

Nogironligi bo‘lgan shaxslar, keksalar va aholining boshqa ijtimoiy ehtiyojmand toifalarini ijtimoiy himoya qilishga mas’ul bo‘lgan yagona idoraning mavjud emasligiga ham alohida e’tibor qaratildi. Shu munosabat bilan, O‘zbekistonda Ma’muriy islohotlar konsepsiyasini amalga oshirish doirasida Sog‘liqni saqlash vazirligi huzurida ixtisoslashtirilgan idora tashkil etiladi.

Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi va boshqa manfaatdor idoralarga ob’ektlar loyihalashtirilishi va qurilishida arxitektura-qurilish nazoratini kuchaytirish, shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslarning ulardan erkin foydalanishini ta’minlash talablariga rioya etmaganlik uchun javobgarlik muqarrarligi prinsipini ta’minlash choralarini ko‘rish topshirildi.

Yaqinda o‘tkazilgan tekshiruvlarda 64,6 ming davlat organi ob’ektlaridan faqat 23,9 mingtasida nogironlarning kirish imkoniyati yaratilgani va panduslar mavjudligi aniqlandi.

Farmon bilan 51 banddan iborat chora-tadbirlarni amalga oshirish nazarda tutilgan Nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish hamda ularning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.

Shahar yo‘lovchi transportlarining maxsus uskunalar bilan jihozlanmaganligi nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ish joyi va boshqa muassasalarga yetib borishda muayyan qiyinchiliklarni keltirib chiqaradi. Shuningdek, svetoforlar va piyodalar yo‘lakchalari qo‘shimcha tovush yordamida boshqarish uskunalariga ega emas. Buning uchun nogironligi bo‘lgan shaxslarga shahar yo‘lovchi transportini mazkur maqsadlarga moslashtirish, bekat va yo‘nalishlarni ovoz yordamida e’lon qilish orqali qulayliklar yaratiladi.

2018 yil 1 martdan nogironligi bo‘lgan shaxslarga moslashtirilmagan shahar yo‘lovchi transporti vositalarini sotib olish taqiqlanmoqda.

Transport vositalari haydovchilari — nogironligi bo‘lgan shaxslarni o‘qitish uchun tayyorlash va qayta tayyorlash ishlari tashkil etiladi. Bundan tashqari, kelgusida ishlab chiqariladigan milliy yengil avtomobillar nogironligi bo‘lgan shaxslar foydalanishi uchun moslashtirilgan holda maxsus uskunalar bilan qayta jihozlanadi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga qabul qilishni keng rag‘batlantirish, shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslarning o‘zi tomonidan tadbirkorlik bilan shug‘ullanishga sharoit yaratish maqsadida 2018 yilning 1 yanvaridan boshlab yakka tartibdagi tadbirkorlik bilan shug‘ullanuvchi I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar, shuningdek, I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarni xodim sifatida yollagan yakka tartibdagi tadbirkorlarga qat’iy belgilangan soliqning imtiyozli stavkasi belgilanmoqda.

Barcha darajadagi davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, korxonalar, tashkilotlar va muassasalar rahbarlariga nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga qabul qilish, shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslar jamiyatlari korxonalari bilan tovarlar, ishlar va xizmatlar yetkazib berishga oid shartnomalar tuzish amaliyotini kengaytirishni ta’minlash topshirildi.

Ommaviy axborot vositalariga efirga uzatilayotgan yangiliklar, teleko‘rsatuvlar va videofilmlar subtitr yoki surdo tarjima bilan olib borishi, nogironligi bo‘lgan shaxslarning axborot olish imkoniyatini oshirishi va bo‘sh vaqti maroqli o‘tishini ta’minlash uchun maxsus harfli nashrlarni kengaytirishi tavsiya qilindi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslarning savodxonligini oshirish maqsadida viloyatlar, tumanlar markazlarida umumta’lim maktablari negizida Brayl alifbosini o‘qitish bo‘yicha maxsus kurslar tashkil etiladi.

2018/2019 o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalariga abituriyentlar qabulining umumiy sonidan nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qo‘shimcha ravishda ikki foizli kvotalar kiritilmoqda

Bahorga qadar nogironlikni belgilash, nogironligi bo‘lgan shaxslarning ijtimoiy moslashuviga ko‘maklashishni ta’minlash va ularga nogironlik pensiyasi va nafaqalari to‘lashning xalqaro standartlariga o‘tish mexanizmlarini qayta ko‘rib chiqish rejalashtirilgan.

2018 yilning 1 iyunidan boshlab nogironligi bo‘lgan shaxslar to‘g‘risida kompleks ma’lumotlarni (nogironligi bo‘lgan shaxslarga oid shaxsiy ma’lumotlar, pul to‘lovlarining turlari va miqdori, ajratilgan texnik reabilitatsiya vositalari, protez-ortopediya buyumlari va boshqalar) o‘z ichiga olgan nogironligi bo‘lgan shaxslarning yagona elektron reyestri joriy etilmoqda, bu davolash va reabilitatsiya ishlarini samarali tashkil etishni ta’minlaydi.

Bundan tashqari, farmonda protez-ortopediya buyumlari va texnik reabilitatsiya vositalarini ishlab chiqarish sohasiga, jumladan faoliyat yuritayotgan korxonalarni modernizatsiya qilishga ko‘maklashish, zamonaviy texnologiyalarni qo‘llagan holda respublikada yangi ishlab chiqarishlarni tashkil etish orqali chet el investitsiyalari jalb qilish belgilangan.