O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 29 noyabr kuni ichki ishlar organlari kadrlari bilan ishlash va ularning xizmatini tashkil etish tartibini tubdan takomillashtirish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.

Hujjatda Ichki ishlar vazirligining kadrlarni tanlash va joylashtirish, ularning zaxiralarini shakllantirish, shuningdek ichki ishlar organlari xodimlarining xizmatni o‘tashlarini tashkil etishdagi faoliyati qoniqarsiz deb tan olingan.

IIV va uning bo‘linmalari qarshisiga ularning huquqbuzarliklar profilaktikasidagi tezkorligi, jinoyatlar haqidagi xabarlarni o‘z vaqtida hisobga olish va ta’sir choralarini ko‘rishini ta’minlashga qaratilgan boshqaruv hamda kuch va ta’sir vositalari o‘rtasidagi samarali tizimni yaratish vazifasi qo‘yildi.

Ish tajribalarini o‘rgatish yosh xodimlarning xizmatga tezda moslashishi, ularda yuklatilgan tezkor xizmat vazifalarini mustaqil ravishda amalga oshirish qobiliyatini rivojlantirish hamda kasbiy shakllanish jarayonini tezlashtirishga qaratilgan ustoz-murabbiylikning samarali tizimini joriy etish belgilandi.

Endilikda ichki ishlar vaziri o‘rinbosarlari va IIV bosh boshqarmalari boshliqlari har chorakda joylarga chiqqan holda Qoraqalpog‘iston IIV, Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi hamda viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari sohaviy xizmatlari rahbarlari, shuningdek mahalliy bo‘limlar rahbarlarining boshqaruvga oid qarorlarning bajarilishi va erishilgan natijalar to‘g‘risidagi shaxsiy hisobotlarini tinglashadi.

Har yarim yil yakunlari bo‘yicha ular IIV kollegiyasida xizmat va ijro intizomini oshirish, xizmatni o‘tashning tashkil etilishi, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurash, g‘ayratsiz va mas’uliyatsiz rahbarlarga nisbatan intizomiy choralarning ko‘rilishi, shuningdek ijobiy tajribalarning ommalashtirilishi va ulardan foydalanish yuzasidan shaxsan hisob berishadi.

Qarorda IIV OTMlariga kirgan fuqarolar bilan ichki ishlar organlarida, shuningdek ular taqsimot bo‘yicha yo‘naltirilgan holatlarda boshqa davlat organlarida ta’limni tamomlagandan so‘ng besh yil muddat uzluksiz xizmat qilish to‘g‘risida shartnoma imzolanadi. Ichki ishlar organlari rahbarlar tarkibi faqatgina IIV OTMlari rahbar kadrlarni tayyorlash fakultetlarini (oliy kurslari) tamomlagan xodimlar asosida shakllantiriladi.

Ichki ishlar organlari rotatsiyasi turli mansablar bo‘yicha amalga oshirilib, qoidaga binoan, uch yillik muddat o‘tishi bilan lavozimi o‘zgartiriladi. Xizmatda bo‘lishning chegaraviy yoshi oddiy xodimlar va serjantlik tarkibi hamda ayollar (maxsus unvonidan qat’i nazar) uchun — 50 yosh, ofitserlik tarkibi uchun — 55 yosh va generallik tarkibi uchun — 60 yosh etib belgilandi.

Ichki ishlar organlari tizimida intizomiy kengashlar tashkil etilib, ular xodimlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, jamoa o‘rtasida xizmat intizomiga yuqori darajada rioya etilishini qo‘llab-quvvatlaydi.

2018 yil 1 yanvardan boshlab xizmat intizomini qo‘pol ravishda buzgan, xizmat vazifasiga mas’uliyatsizlik bilan qaragan yoki faoliyatida past samaradorlikka ega xodimlarga nisbatan oylik maoshining 50 foizidan ortiq bo‘lmagan miqdorda moddiy jarima ko‘rinishidagi intizomiy jazo chorasi ko‘riladi.

Ayni paytda faoliyatida yuqori natijalarga erishgan va intizomiy jazoga tortilmagan xodimlar har yili moddiy rag‘batlantiriladi.

Bosh prokuraturaga Oliy Majlis bilan birgalikda ikki oy muddat ichida jinoyatlarni qasddan yashirish uchun jinoiy javobgarlikni oshirish bo‘yicha takliflarni kiritish vazifasi topshirildi.

IIV bir oy muddatda ichki ishlar organlarining biriktirilgan hududda huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘yicha faoliyatini baholash tartiblarini tasdiqlashni ko‘zda tutuvchi hukumat qarori loyihasini tayyorlashi lozim.

2018 yil fevralga qadar xodimlarning xizmat, jismoniy va ruhiy-psixologik tayyorgarligini tashkil etish tartiblari tanqidiy qayta ko‘rib chiqilishi lozim.