O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 29 noyabr kuni Innovatsion rivojlanish vazirligini tashkil etish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Avvalroq «Gazeta.uz» Fanlar akademiyasining sobiq vitse-prezidenti Ibrohim Abdurahmonov innovatsion rivojlanish vaziri etib tayinlangani haqida xabar bergan edi.

Hujjatda qayd etilishicha, zamonaviy sharoitlarda jahon fani va innovatsiya faoliyatining yutuqlaridan keng foydalanish jamiyat va davlat hayotining barcha sohalarini izchil va barqaror rivojlantirishning, mamlakatning munosib kelajagini barpo etishning muhim omili bo‘lib bormoqda. Shu bilan birga, quyidagi tizimli muammolarning mavjudligi, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni ishlab chiqish va joriy etish uchun mavjud imkoniyatlar va salohiyatdan yetarlicha foydalanmaslik ko‘zlangan islohotlarning samarali amalga oshirilishiga hamda mamlakatning jadal innovatsion rivojlanishiga to‘sqinlik qilmoqda, xususan:

1. davlat dasturlarini ishlab chiqishda zamonaviy fan va innovatsion texnologiyalarning yutuqlari va rivojlanish tendensiyalarini lozim darajada kompleks tahlil qilish va o‘rganish mavjud emas, buning oqibatida mazkur dasturlar aksariyat holatlarda muammolarning oqibatlarini bartaraf etishga qaratilgan hamda uzoq muddatli rivojlanish masalalarini hal etmayapti;

2. fundamental va amaliy tadqiqotlarni tashkil etishning hozirgi ahvoli innovatsion g‘oyalar va ishlanmalarni to‘liq ro‘yobga chiqarish va amaliy joriy etish uchun lozim darajadagi sharoitlarni ta’minlamayapti;

3. innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalarni strategik prognoz qilish, qo‘llab-quvvatlash va joriy etishni ta’minlovchi yagona organning mavjud emasligi, ilmiy-tadqiqot va axborot-tahlil muassasalarining tarqoq holda faoliyat ko‘rsatishi fan, ta’lim va ishlab chiqarishning to‘liq integratsiyalashishiga imkon bermayapti, bu esa o‘tkazilayotgan izlanishlarning samaradorligini pasaytirmoqda;

4. yuqori texnologiyalar, nou-xau va zamonaviy ishlanmalarni birinchi navbatda joriy etishni talab qiluvchi ustuvor soha va tarmoqlarni aniqlash bo‘yicha faoliyatni tashkil etishdagi kamchiliklar texnologik qoloqlikka va innovatsion tovar (ish, xizmat)larni ishlab chiqarishning cheklanganligiga olib kelmoqda;

5. ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil qilish hamda innovatsion g‘oyalar va ishlanmalarni joriy etishda alohida holatlardagi tor idoraviy manfaatlarning ustunlik qilishi byudjet mablag‘laridan nooqilona foydalanishning sabablaridan biridir;

6. innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalarni amalga oshirishda davlat-xususiy sheriklikni tatbiq etishga, shuningdek, innovatsion mahsulotlarni joriy etish uchun infratuzilmani takomillashtirishga yetarli e’tibor qaratilmayapti;

7. innovatsion mahsulotlarni ishlab chiqarish va joriy etish sohasida yuqori tajriba va salohiyatga ega bo‘lgan xorijiy (xalqaro) tashkilotlar bilan hamkorlik, shuningdek, ulardan butun mamlakat fani, sanoati va iqtisodiyotini rivojlantirishning dolzarb muammolarini hal qilishda foydalanish past darajada saqlanib qolmoqda.

Farmon bilan O‘zbekiston innovatsion rivojlanishining asosiy yo‘nalishlari belgilab olindi:

mamlakatning intellektual va texnologik salohiyatini oshirishning uzoq muddatli ssenariylari asosida ustuvor soha va tarmoqlarni innovatsion rivojlantirishning kelajakdagi modellarini shakllantirish imkonini beradigan strategik rejalashtirish tizimini yaratish;

davlat xizmatlari ko‘rsatishning tartib-taomillarini optimallashtirish va soddalashtirishni, davlat boshqaruvi organlari faoliyatining samaradorligini oshirishni ta’minlaydigan davlat boshqaruvining innovatsion shakllarini joriy etish;

hududlar ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatining barqaror o‘sishi, shuningdek, aholining hayot darajasi va farovonligi yuksalishi uchun zarur sharoitlarni ta’minlashga qodir bo‘lgan fan va innovatsiya faoliyatini rivojlantirishning zamonaviy infratuzilmasini shakllantirish;

innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni ishlab chiqish va joriy etish sohasiga investitsiyalarni keng jalb etish, ularning yanada rivojlanishini ta’minlovchi normativ-huquqiy bazani takomillashtirish;

ilmiy-tadqiqot va innovatsiya faoliyatini, eng avvalo, yosh avlodning ijodiy g‘oyalari va ishlanmalarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda rag‘batlantirish, shuningdek, ushbu faoliyatda iqtidorli yoshlar faol ishtirok etishi uchun qulay sharoitlar yaratish;

mamlakat ilmiy-tadqiqot va innovatsiya faoliyatining istiqbolli yutuqlarini targ‘ib qilish va joriy etishning samarali mexanizmlarini yaratish, shu jumladan ilmiy-eksperimental ixtisoslashtirilgan laboratoriyalar, yuqori texnologiyalar markazlari, texnoparklar va boshqa innovatsiyaga yo‘naltirilgan tuzilmalarni, xususan, chet el investorlari ishtirokida tashkil etish va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash;

tabiatni muhofaza qilish, resurs va energiya tejaydigan texnologiyalarni, jumladan, muqobil energiya manbalarini, suvni tozalash va chuchuklashtirish, undan oqilona foydalanishning zamonaviy shakllarini keng qo‘llash orqali faol joriy etish;

sog‘liqni saqlash sohasida kasalliklarni barvaqt aniqlash va profilaktika qilish, o‘z vaqtida va samarali davolashga imkon beruvchi ilg‘or texnologiyalarni keng joriy etish, shuningdek, jamiyatda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish va sog‘lom avlodni tarbiyalashga qaratilgan kompleks tizimni yaratish;

agrar sohaga innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalarni, shu jumladan ishlab chiqarish samaradorligini va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarning eksport salohiyatini oshirishga, mamlakatning oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlashga ko‘maklashuvchi qishloq xo‘jaligi ekinlarining yangi seleksiya navlarini targ‘ib qilish;

iqtisodiyotning real sektori tarmoqlarini har tomonlama rivojlantirishni ta’minlovchi zamonaviy axborot-kommunikatsiya, sanoat va boshqa innovatsion texnologiyalarni jadal joriy etish;

innovatsiya faoliyati sohasida ilg‘or xorijiy (xalqaro) tashkilotlar bilan, shu jumladan ularni nou-xau, nanotexnologiyalar va yuqori texnologik tovar (ish, xizmat)larni ishlab chiqarishning mahalliy bozoriga jalb qilish orqali hamkorlikni kengaytirish.

Farmonda Innovatsion rivojlanish va novatorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasini tashkil etish ko‘zda tutilgan. 2018 yil 1 yanvardan boshlab Fan va texnologiyalar bo‘yicha Davlat komissiyasi, Fan va texnologiyalar bo‘yicha Davlat komissiyasi huzuridagi Ilmiy-texnik faoliyatni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamg‘armasi, shuningdek, Fan va texnologiyalar agentligi tugatilmoqda.

Shu bilan bir qatorda, ilmiy-tadqiqot faoliyatini tubdan takomillashtirish va uning natijalarini amaliyotga joriy etish, shuningdek, ilmiy-eksperimental ixtisoslashtirilgan laboratoriyalar, yuqori texnologiyalar markazlari, yuqori texnologiyali mahsulotlarni ishlab chiqarish bo‘yicha texnoparklarni tashkil etish maqsadida Fanlar akademiyasi va Oliy attestatsiya komissiyasining faoliyatini tanqidiy o‘rganish topshirildi.

Farmonni amalga oshirish doirasida faoliyatda bir-birini takrorlashni istisno etish maqsadida vazirliklar, idoralar, ilmiy-tadqiqot va axborot-tahlil muassasalarining vazifa va funksiyalari qayta ko‘rib chiqiladi, ularning tashkiliy-shtat tuzilmalari va vakolatlari optimallashtiriladi.

Farmonda innovatsiyalarni joriy etishning qonuniy asoslarini yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shu munosabat bilan, ilmiy va innovatsion faoliyatni davlat tomonidan tartibga solish prinsiplari hamda qo‘llab-quvvatlash shakllarini, innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishni belgilovchi «Innovatsion faoliyat to‘g‘risida"gi va «Fan to‘g‘risida"gi qonunlar loyihalari ishlab chiqiladi.