O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi 24 noyabr kuni Mudofaa vazirligi qo‘shinlarida harbiy xizmatchilarning ovqatlanishi sifatini tubdan yaxshilash to‘g‘risidagi qarorni qabul qildi.

Norma.uz xabar qilishicha, Mudofaa vazirligi bo‘linmalari shaxsiy tarkibining ovqatlanishi autsorsing asosida, ya’ni umumiy ovqatlanish korxonalarini jalb etgan holda tashkil etiladi.

Mazkur tizim birinchi navbatda safarbarlik chaqiruvi rezervlari batalonlari, harbiy ta’lim va davolash muassasalarida joriy etiladi.

Xizmatlar uchun to‘lovlar Mudofaa vazirligi tomonidan oziq-ovqat mahsulotlariga qo‘yilgan haqiqiy o‘rtacha bozor narxlari bo‘yicha o‘rnatiladi. Mazkur narxlarning cheklangan me’yorlari Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimiyatlari tomonidan taqdim etiladi. Autsorserlar xizmatlari uchun ustamalar 20 foizdan oshmasligi va barcha xarajatlarni (soliqlar, xodimlarning oylik maoshlari, transport va boshqa xizmatlar) o‘z ichiga olishi lozim.

Oziq-ovqat sifati va xilma-xilligi bo‘yicha talablar ustidan nazorat viloyatlar va poytaxt hokimlari tomonidan harbiy qismlarga tashrif buyurgan holda amalga oshirilishi lozim. hokimlar autsorserlarga fermer xo‘jaliklari bilan oziq-ovqat mahsulotlarini sotib olishda to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalarni tuzishda ham ko‘mak ko‘rsatadi.