Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi O‘zbekiston fuqarolariga Agung vulqoni uyg‘ongani sababli Indoneziyaning Bali oroliga vaqtincha tashrif buyurmay turishni tavsiya qilmoqda. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati O‘zbekistonning Jakartadagi elchixonasiga tayanib xabar qildi.

Bundan tashqari, mamlakat sayyohlik kompaniyalariga Balida vujudga kelgan noqulay holatni hisobga olish tavsiya etildi.

RIA Novosti ma’lumotlariga ko‘ra, Agung vulqoni 21 noyabr kuni ilk marta harakatga kelgan. Vulqon og‘zidan 700 m balandlikka tutun ko‘tarilgan. Hukumat vulqonning harakat faolligi darajasini to‘rt imkoniyatdan ikki deb baholadi. 26 noyabr kuni ikkinchi uyg‘onish boshlandi, qulqon lava chiqarayotgani yo‘q, biroq tutun ustuni 4000 m balandlikka ko‘tarildi, shu munosabat bilan havo transporti uchun eng baland qizil xavf darajasi e’lon qilindi. 100 ming kishi istiqomat qiluvchi 22 ta qishloqda evakuatsiya e’lon qilindi. Denpasardagi xalqaro aeroport faoliyati to‘xtatilib, yuzlab xalqaro reyslar bekor qilindi.

Mazkur vulqon sentyabrda ham harakatga kelgan edi. O‘shanda 144 mingdan ziyod kishi evakuatsiya qilindi. Agung vulqoni so‘nggi bor 1963 yilda qattiq uyg‘ongan, 1000 dan ortiq kishi halok bo‘lgan edi.