29 noyabr kuni 9:30 da Afg‘onistonning Kam Air aviakompaniyasiga tegishli Boeing 737 samolyoti «Kobul-Toshkent» yo‘nalishi bo‘yicha o‘zining birinchi parvozini amalga oshirdi. Layner poytaxt aeroportida tantanali ravishda, milliy musiqa va raqlar bilan qarshi olindi.

«O‘zbekiston havo yo‘llari» Milliy aviakompaniyasi matbuot xizmatining «Gazeta.uz"ga xabar qilishicha, aviayo‘nalish ochilishi to‘g‘risidagi kelishuvga O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev topshirig‘i bo‘yicha erishildi. U O‘zbekistonning mintaqani Yevropa va Osiyo bilan bog‘lovchi mintaqaviy transport aviaxabi sifatidagi rolini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlarning bir qismi hisoblanadi.

Birinchi reys Afg‘onistoni Prezidenti Ashraf G‘anining O‘zbekistonga 4 dekabrda amalga oshirilishi kutilayotgan rasmiy tashrifi arafasida bo‘lib o‘tdi. Samolyot Kobuldan Toshkentga qo‘shni davlatning hukumat delegatsiyasini olib keladi.

Kam Air ijrochi direktori Ravil Aksyanov aeroportda jurnalistlarga intervyu berar ekan, reysni ochishga tayyorgarlik ishlari anchadan buyon davom etayotgan bo‘lsa ham, hujjatlarni imzolash jarayoni bir necha kunni olganini ma’lum qildi.

Ravil Aksyanov.

«Bir hafta muqaddam Milliy aviakompaniya va O‘zbekiston aviatsion hukumati delegatsiyasi aeroport inspeksiyasini o‘tkazish va xavfsizlik darajasi va infratuzilmalar bilan tanishish uchun Kobulga tashrif buyurdi. So‘ngra biz shartnomalar tuzish va ularni imzolash uchun Toshkentga taklif qilindik. Bu to‘rt kun vaqtni oldi», - dedi u.

MAKdan qayd etilishicha, Hamid Karzay nomidagi Kobul Xalqaro aeroportida yo‘lovchilarni o‘tkazish jarayoni xavfsizlik bo‘yicha barcha aviatsion talablarga javob beradi.

Tomonlar afg‘on fuqarolik aviatsiyasi uchuvchilarini MAKning Uchuvchilar maktabida o‘qitish hamda Uzbekistan Airways Technics aviakorxonalarida Kam Air havo kemalariga texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha shartnomalarni imzoladi.

Kam Air O‘zbekiston MAK bilan «O‘zbekiston havo yo‘llari"ning ulovchi reyslari orqali Yevropaga yetkazish uchun interlayn-shartnomani imzolashni mo‘ljallamoqda, deya qo‘shimcha qildi Ravil Aksyanov.

«Kobul-Toshkent» reysini taxminan 8−9 dekabrdan boshlab haftasiga ikki marta — chorshanba va yakshanba kunlari amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Parvoz vaqti bir yarim soatni tashkil etadi. Avvallari yo‘lovchilar Afg‘onistondan Toshkentga Istanbul yoki Dubay orqali 17−32 soatda yetib kelgan.

Kam Air xususiy aviakompaniyasiga 2003 yilda asos solingan. Kobul xalqaro aeroportida joylashgan. Dehli, Mashhad, Dushanbe, Istanbul va Jiddaga doimiy reyslarni amalga oshiradi. Kam Air aviaparkida 14 ta havo kemasi mavjud. Ular bittadan Airbus 340−300, Boeing 767−200, Boeing 737−300, Boeing 737−800, McDonnell Douglas-83 hamda ikkitadan Boeing 737−500, McDonnell Douglas-87 va Saab 340B.

Kamgar Group xo‘jayini va asoschisi Zamari Kamgar shunday dedi: «Biz Afg‘onistonning birinchi xususiy tijoriy aviakompaniyasi hisoblangan aviakompaniyamizning ikki davlat o‘rtasida avialoqani ochganidan faxrlanamiz… Biz „O‘zbekiston havo yo‘llari“ kabi ishonchli va texnik ta’minlangan aviakompaniya bilan hamkorlik qilishdan faxrlanamiz».