O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hukumatda qator o‘zgarishlarni amalga oshirdi. 28 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan Vazirlar Mahkamasi faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha majlisda mamlakatda islohotlarni jadallashtirish, ularning sifat va samaradorligini oshirish zarurligini ma’lum qildi.

«Odamlar yaxshi va munosib hayotni na ertaga va na uzoq kelajakda emas, bugun kelishini xohlamoqda», - dedi Shavkat Mirziyoyev. «Biz hali belgilangan va xalq kutayotgan natijalarga erishganimiz yo‘q». U ko‘plab rahbarlar faoliyatida tartib, intizom va javobgarlikni kuchsizlantirish holatlari mavjudligini qayd etdi.

«Mana, yaqinda ish faoliyatimizga bir yil to‘ladi, aholimiz, bizga katta umid va ishonch bildirgan xalqimiz oldida amaliy ishlarimiz bilan hisobot beradigan vaqt keldi. Ishga yangicha yondashish, oddiy odamlarning dardi va tashvishi bilan yashash, fidoyilik va jonkuyarlik ko‘rsatish ijro hokimiyatining barcha bo‘g‘indagi rahbar va mutasaddilari faoliyatining asosiy mezoniga aylanishi zarur», — dedi Prezident.

27 noyabrdagi «O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi faoliyatini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi Prezident qaroriga muvofiq, hukumat tuzilmasida yangi bosh vazir o‘rinbosarlari lavozimlari joriy etildi.

Suxrob Xolmurodov. «O‘zbekiston 24» telekanali lavhasi.

Martdan buyon O‘zbekiston milliy bankini boshqarib kelayotgan Suxrob Xolmurodov bosh vazir o‘rinbosari — Investitsiyalar, innovatsion rivojlantirish, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari faoliyatini muvofiqlashtirish, turizm masalalari kompleksi rahbari etib tayinlandi.

Qahramon Akmalov. «O‘zbekiston 24» telekanali lavhasi.

Yana bir bosh vazir — Ta’lim, sog‘liqni saqlash, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, jismoniy tarbiya va sport masalalari kompleksi rahbari lavozimiga bunga qadar Hisob palatasi raisi o‘rinbosari lavozimida ishlagan Qahramon Akmalov tayinlandi.

Jamshid Kuchkarov Moliya vazirligiga rahbarlik qilib, bosh vazir o‘rinbosari — moliya vaziri - Iqtisodiy rivojlantirish, tarkibiy o‘zgartirishlar, investitsiyalar, bank va moliya tizimini isloh qilish, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari kompleksining rahbari bo‘ldi.

Sobiq moliya vaziri Botir Xodjayev iqtisodiyot vaziri etib tayinlandi. Iqtisodiyot vazirligini 2011 yildan buyon boshqarib kelayotgan Galina Saidova Prezidentning ijtimoiy-iqtisodiy siyosat bo‘yicha davlat maslahatchisi bo‘ldi.

Jamshid Xodjayev. Foto: Facebook.

Bunga qadar Hisob palatasi raisining birinchi o‘rinbosari - davlat byudjetiga tushumlarning to‘liqligini nazorat qilish inspeksiyasi boshlig‘i bo‘lib ishlagan Jamshid Xodjayev tashqi savdo vaziri lavozimiga tasdiqlandi.

2012 yil yanvaridan buyon mazkur lavozimni egallab kelayotgan avvalgi vazir Elyor G‘aniyev Prezident devoniga o‘tdi.

Ibrohim Abdurahmonov. «O‘zbekiston 24» telekanalidan lavha.

Yangi tashkil etilgan Innovatsion rivojlantirish vazirligiga O‘zbekiston Fanlar akademiyasining sobiq vitse-prezidenti Ibrohim Abdurahmonov tayinlandi.

Qayd etish joizki, yangi vazirlarning ikki nafari «Umid» prezidentlik granti asosida xorijiy OTMlarda ta’lim olgan bitiruvchilar hisoblanadi. Jamshid Xodjayev Birmingem universitetini (Buyuk Britaniya), Ibrohim Abdurahmonov esa Texas qishloq xo‘jaligi va mexanika universitetini (AQSH) tamomlagan.

O‘zgarishlarga izoh bergan Prezident shunday dedi: «iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohani, mamlakat hududlarini rivojlantirishning eng muhim va dolzarb masalalarini hal etishning shakllari va usullarini tubdan o‘zgartirish zarur».

«O‘z zimmasidagi vazifalarni bajarish, zarur natijaga erishishni ta’minlamagani uchun turli bo‘g‘indagi rahbarlarni almashtirish, zamonaviy bilim va malakaga ega bo‘lgan, Vatanga sadoqatli, fidoyi yoshlarga mas’uliyatli lavozimlarni ishonib topshirishni bugun hayotning o‘zi taqozo etmoqda», - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari O‘zbekistonni har tomonlama rivojlantirish, xalqimizning hayot darajasi va sifatini oshirish masalasi birinchi navbatda ilm-fan, yuksak texnologiyalar, zamonaviy innovatsion ishlanmalarni amaliyotga keng joriy etish bilan uzviy bog‘liq ekanini ta’kidladi. Va ayni shu maqsadda Innovatsion rivojlantirish vazirligi tashkil etilganiga alohida to‘xtalib o‘tdi.