O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27 noyabr kuni Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyev bilan telefon orqali muloqot qildi, deya xabar qildi O‘zA.

Suhbatda tomonlar O‘zbekiston — Qozog‘iston munosabatlarining muhim masalalari, siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya va boshqa sohalardagi o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlash istiqbollari yuzasidan fikr almashdilar.

Davlat rahbarlari diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga 25 yil to‘lgan joriy yil aniq amaliy mazmunga boy bo‘lgani hamda ikki tomonlama munosabatlarni sezilarli darajada mustahkamlash, yangi, sifat jihatidan yanada yuqori bosqichga ko‘tarish imkonini berganini alohida ta’kidladilar.

O‘zbekiston va Qozog‘istonning o‘zaro manfaatli va samarali hamkorligi jadal kengayib bormoqda, barcha darajada, jumladan, chegaraoldi hududlar va ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi muloqot faollashmoqda. Joriy yil boshidan buyon o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi sezilarli ortdi, qo‘shma savdo uylari va zamonaviy ishlab chiqarish korxonalari tashkil etildi.

Davlat rahbarlari hamkorlik bo‘yicha rejalashtirilgan, avvalo, iqtisodiyot sohasidagi dastur va loyihalarni o‘z vaqtida amalga oshirish maqsadida birgalikda yanada faol harakat qilish muhimligini ta’kidladilar.

Prezidentlar tashqi siyosat va yetakchi xalqaro tashkilotlar doirasida ham samarali hamkorlik amalga oshirilayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.