O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27 noyabr kuni Birinchi Prezident Islom Karimov tavalludining 80 yilligini keng nishonlash to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.

Hujjat O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti, buyuk davlat va siyosat arbobi Islom Abdug‘aniyevich Karimovning ona Vatan mustaqilligi, el-yurt ravnaqi yo‘lidagi ulkan tarixiy xizmatlarini inobatga olib hamda u kishining xotirasini abadiylashtirish bo‘yicha boshlangan ishlarni davom ettirish maqsadida qabul qilindi.

Tavallub sanasini nishonlash doirasida yanvarda Samarqand shahrida Islom Karimov xotirasiga atab bunyod etilgan maqbara majmuasi, Qarshida Islom Karimov xotirasiga bag‘ishlab haykal o‘rnatish, «O‘zbekkino» Milliy agentligi tomonidan Islom Karimov hayoti va faoliyati haqida hujjatli film yaratish rejalashtirilmoqda.

«O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimov faoliyati xronikasi (solnoma)» kitobini, Islom Karimovning «Yoshlar bugungi va ertangi hayotimizning hal qiluvchi kuchidir», «Yuksak ma’naviyat — yengilmas kuch» asarlarini, shuningdek, «Prezidentga maktublar» kitobini nashr etish hamda ta’lim maskanlari, axborot-resurs markazlari, madaniy-ma’rifiy muassasalar va mahallalarga yetkazish belgilangan.

Islom Karimov nomidagi Respublika xayriya jamoat fondi tomonidan «Islom Karimov — mustaqil O‘zbekiston asoschisi» kitob-albomi nashrga тайёрланади.

Samarqandda «Islom Karimov — O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining asoschisi» mavzuida xalqaro ilmiy konferensiya o‘tkaziladi.

Ta’lim muassasalari, harbiy qismlar, mehnat jamoalari va mahallalarda taniqli adib va olimlar, turli soha mutaxassislari ishtirokida Birinchi Prezident xotirasiga bag‘ishlangan uchrashuvlar tashkil etiladi.

2018 yilning I choragida «Islom Karimov xotirasiga bag‘ishlangan eng yaxshi ilmiy-ommabop maqola» tanlovi yakunlanib, uning g‘oliblari taqdirlanishi lozim.