O‘zbekiston ichki ishlar organlari xodimlari Toshkentda fuqaro Umida Uzoqovani diniy-ekstremistik mazmundagi materiallarni tarqatish va odamlarni yollashda gumon qilib qo‘lga oldi.

Dushanba kuni bo‘lib o‘tgan brifingda IIBB boshlig‘i o‘rinbosari Doniyor Toshxo‘jayevning ma’lum qilishicha, mazkur ish yuzasidan Jinoyat kodeksining 244-1-moddasi (Diniy ekstremizm, separatizm va aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan, qirg‘in solishga yoki fuqarolarni zo‘rlik bilan ko‘chirib yuborishga da’vat etadigan yoxud aholi orasida vahima chiqarishga qaratilgan materiallarni tayyorlash yoki ularni tarqatish maqsadida saqlash, shuningdek diniy-ekstremistik, terrorchilik tashkilotlarining atributlarini yoki ramziy belgilarini tarqatish yoxud namoyish etish maqsadida tayyorlash, saqlash) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

«Gazeta.uz"ning IIBBdan aniqlik kiritishicha, gumonlanuvchi odamlarni «Islom davlati» terroristik tashkiloti safiga jalb qilishga harakat qilgan.

Qo‘lga olingan shaxsga nisbatan qamoqqa olish ko‘rinishidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilib, tergov tadbirlari davom ettirilmoqda.