O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi tarkibi ikkita bosh vazir o‘rinbosari lavozimi bilan kengaytirildi. O‘zbekiston Prezidenti 27 noyabr kuni shu haqdagi qarorni imzoladi, deya xabar qildi «Gazeta.uz"ning hukumatdagi axborot manbasi. Shunday qilib, bosh vazir o‘rinbosarlari soni oltitadan sakkiztaga (birinchi o‘rinbosarni hisoblaganda) oshirildi.

O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari — Investitsiyalar, innovatsion rivojlantirish, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari faoliyatini muvofiqlashtirish, turizm masalalari kompleksi rahbari etib Suxrob Xolmurodov tayinlandi. Martdan boshlab u O‘zbekiston Milliy bankiga rahbarlik qilib келаётган edi. Kompleks rahbari yangi tashkil etilayotgan Innovatsion rivojlantirish vazirligi va Innovatsion rivojlantirish va novatorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi faoliyatini nazorat qiladi.

Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov Moliya vazirligiga rahbarlik qilib, bosh vazir o‘rinbosari — moliya vaziri — Iqtisodiy rivojlantirish, tarkibiy o‘zgartirishlar, investitsiyalar, bank va moliya tizimini isloh qilish, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari kompleksining rahbari bo‘ldi.

Avvalgi moliya vaziri Botir Xodjayev Iqtisodiyot vazirligini 2011 yildan buyon boshqarib kelayotgan Galina Saidova o‘rnini egalladi.

Bundan tashqari, bosh vazir o‘rinbosari -Ta’lim, sog‘liqni saqlash, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, jismoniy madaniyat va sport masalalari kompleksi rahbari lavozimi joriy etildi. Bunga qadar mazkur masalalar bosh vazir tasarrufida edi. Mazkur lavozimga kim tayinlangani to‘g‘risida hozircha ma’lumot mavjud emas.

Nodir Otajonov («O‘zagrotexsanoatxolding» boshqaruvi raisi) va Zoyir Mirzayev (qishloq va suv xo‘jaligi vaziri) boshqarib kelayotgan komplekslar mos ravishda Tashqi savdo faoliyati, eksport salohiyati, mashinasozlik, avtomobil va elektrotexnika sanoatini rivojlantirish, mahsulotlarni standartlashtirish masalalari kompleksi hamda Qishloq va suv xo‘jaligi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash hamda iste’mol tovarlari masalalari kompleksiga o‘zgartirildi.