Toshkent IIBB 25 noyabr kuni Chilonzor tumanining «Beshqo‘rg‘on» mahallasining o‘zida o‘tkazilgan «Tozalash-Antiterror» tadbiri davomida «jami 363 nafar respublikamizning turli viloyatlaridan kelib, muayyan ish joyiga ega bo‘lmagan, vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tmasdan hamda xonadon egasi bilan ijara shartnomasi rasmiylashtirmay yashab kelayotgan shaxslar aniqlanib», tuman IIB tomonidan tekshirilgani to‘g‘risida ma’lum qildi.

Tekshiruv davomida 28 nafar fuqaro profilaktik hisobda turuvchi, 127 nafari esa ma’muriy javobgarlikka tortilgan shaxslar ekanligi aniqlandi. Shuningdek, 117 nafar fuqaroning boshqa viloyatlaridan kelib, Toshkent shahrida doimiy yoki vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tmasdan yashab kelayotgani aniqlanib, ularga nisbatan O‘zbekiston MJtKning 223-moddasi 1-qismiga asosan (Pasport tizimi qoidalarining buzilishi, EKOIHning ikkidan bir barobaridan jarima) ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi.

Bundan tashqari, 17 nafar xonadon egalari o‘z xonadonlarini ijara shartnomasini rasmiylashtirmagan holda yashash uchun taqdim etganligi aniqlanib, ularga nisbatan O‘zbekiston MJtKning 223-moddasi 3-qismiga asosan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, to‘plangan hujjatlar yuzasidan MJtKning 1591-moddasi 1-qismi (EKOIHning 5 barobaridan 10 barobarigacha miqdorida jarima) tartibida qonuniy chora ko‘rishlik uchun tuman DSIga yuborildi.

Ikki nafar voyaga yetmaganlar bemaqsad, ota-onasining nazoratisiz yurganligi aniqlanib, Toshkent shahar IIBB voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markaziga joylashtirildi.

Xuddi shu kuni IIBB xodimlari «Tozalash-Antiterror» jarayonida Chilonzor tumanidagi Jaguar, Shabnam va Don kafelarida ham tekshiruvlar o‘tkazdi. Tekshiruv jarayonida 45 kishi shaxsini aniqlash uchun IIBBga yetkazildi. Fohishalik bilan shug‘ullanuvchi 16 nafar ayolga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, IIBB Reabilitatsiya markaziga yetkazildi.

Jaguar kafesi yaqinida spirtli ichimliklar ichgan va jamoat tartibini buzgan holda janjallashayotgan besh fuqaro qo‘lga olindi. Ularga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi.

Yunusobod tumanidagi «Yagona» choyxonasida o‘tkazilgan «Tozalash-Antiterror» tadbirida qimor o‘yinini o‘ynayotgan uch fuqaro aniqlandi. Ulardan 810 ming so‘m miqdoridagi pul mablag‘lari daliliy ashyo sifatida olib qo‘yildi. MJtKning 191-moddasi bo‘y icha (qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlar, ana shu o‘yinlar buyumlarini, shuningdek o‘yinga tikilgan hamda o‘yindagi yutuq bo‘lgan pullar, ashyolar va boshqa qimmatbaho buyumlarni musodara qilib, eng kam ish haqining uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi) ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi.