Toshkentda High Tech City ko‘p funksiyali ma’muriy-maishiy majmua barpo etiladi. Hamkorlikdagi loyihani amalga oshirish bo‘yicha kelishuv 22 noyabr kuni O‘zbekiston Prezidentining Koreya Respublikasiga davlat tashrifi doirasida O‘zbekiston Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi va «POSCO-Daewoo» korporatsiyasi o‘rtasida imzolandi.

Tashrifni yoritish bo‘yicha matbuot markazining «Gazeta.uz"ga xabar berishicha, loyiha qiymati 1,4 mlrd dollarni tashkil etadi. Loyiha doirasida Toshkent shahrida umumiy maydoni 60 gektardan ortiq maydonda ko‘p funksional majmuani tashkil etish rejalashtirilgan. Xususan, ultra-zamonaviy uslubni o‘zida uyg‘unlashtirish bilan birga, yuqori texnologiyalarni (shu jumladan, «aqlli» energiyani tejovchi texnologiyalar, binolarni avtomatlashtirish va boshqalar) qo‘llagan holda nozik did bilan ofis binosi, savdo va ko‘ngilochar maydonchalar, turar joylar va park zonalari qurilishi rejalashtirilgan.

Hozirgi vaqtda Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi va «POSCO-Daewoo» kompaniyasi vakillari tomonidan tashkil etilgan qo‘shma ishchi guruhi ushbu loyihani amalga oshirish bo‘yicha umumiy konsepsiyani ishlab chiqmoqda va «High Tech City» majmuasini kelajakda joylashtirish mumkin bo‘lgan variantlarini ko‘rib chiqmoqda.

Qayd etish joizki, O‘zbekiston poytaxtida ayni paytda Tashkent City Xalqaro markazi qurilishi olib borilmoqda.