Koreya Respublikasida Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Prezidenti lavozimidagi faoliyatining birinchi yili haqida koreys tilida «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev» nomli kitob chop etildi. Bu haqda O‘zbekiston rahbarining Koreya Respublikasiga davlat tashrifini yoritish bo‘yicha matbuot markazi xabar qildi.

20 noyabr kuni qattiq muqovada 50 ming nusxada chop etilgan kitob 320 sahifadan iborat bo‘lib, 8 bo‘limni o‘z ichiga oladi.

Nashrda Shavkat Mirziyoyevning avval O‘zbekiston Prezidenti vazifasini bajaruvchi, so‘ng Prezident lavozimidagi faoliyati haqida batafsil ma’lumot berilgan. Prezidentning O‘zbekiston va xorijda so‘zlagan nutqlaridan, jumladan, inauguratsiya marosimida, Konstitutsiya bayramida, BMT Bosh assambleyasidagi nutqidan hamda yangi yil bayrami tabrigidan iqtiboslar keltirilgan.

Kitobda Prezident Mirziyoyev tashabbusi bilan barcha sohalarda boshlangan juda muhim islohotlarning tahliliga katta e’tibor qaratilgan. Iqtisodiyotning liberallashuvi, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va himoyalash bo‘yicha aniq chora-tadbirlar, valyuta bozorini liberallashtirish, aholining ijtimoiy himoyasi, mamlakat viloyatlariga nisbatan yangi siyosat, so‘z erkinligi va konstitutsiyaviy huquq tamoyillarini himoya qilish, jamiyatda kuzatilayotgan umumiy demokratlashtirish va liberallashuv, bularning barchasi Prezident Mirziyoyev tashabbusi bilan boshlangan yangi islohotlarning dastlabki natijalaridir.

Kitobning «2017−2021 yillarda O‘zbekistonni rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi» nomli bobini muallif katta qiziqish bilan alohida tahlil qilgan.

Kitob muallifi O‘zbekiston va Koreya o‘rtasidagi do‘stona aloqalarga alohida e’tibor qaratgan. Ayni kunlarda O‘zbekistonda koreys diasporasi istiqomat qilayotganiga 80 yil to‘lgani keng nishonlanayotganini ta’kidlab o‘tgan.

Asar muallifi — Inchxon oliy maktabi va Koreya xorijiy tillar instituti bitiruvchisi. 1989−1995 yillarda Koreya televideniye, radioeshittirish va kommunikatsiya uyushmasida jurnalist sifatida faoliyat yuritgan. 2003−2016 yillarda «OnbookTV» koreys telekanalining raisi lavozimida ishlagan. Noshirlik va adabiyot mavzularida hujjatli filmlar, bir nechta roman va esselar muallifi. Nashriyot madaniyatini rivojlantirishga qo‘shgan munosib hissasi uchun 2014 yilda Koreya Respublikasi Bosh vaziri tomonidan Faxriy yorliq bilan taqdirlangan.

Kitob Koreya Respublikasida OAV sohasidagi yuridik shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tgan «Uz Kor Economy Media Group» tomonidan chop etilgan. Nashriyot tarkibida «Uz Kor Economy» (www.uzkoreconomy.com) — koreys tilida O‘zbekistonning iqtisodiy — siyosiy, gumanitar va ma’naviy sohalarda ro‘y berayotgan o‘zgarishlar va yangiliklarni tezkor ravishda yoritib boruvchi internet-gazetasi ham faoliyat olib bormoqda. Yaqin kunlarda nashriyot 2 haftada bir marta hajmi 100 sahifalik «Uz Kor Economy» bosma jurnalini chop etishni rejalashtirgan.