«O‘zbekengilsanoat» kompaniyasi delegatsiyasining 16−18 noyabr kunlari Koreya Respublikasiga uyushtirgan tashrifi jarayonida umumiy qiymati 30 mln dollardan ziyod bo‘lgan hamkorlikdagi sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha yettita kelishuvga erishdi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidentining Koreya Respublikasiga davlat tashrifini yoritish bo‘yicha matbuot markazi «Gazeta.uz"ga ma’lum qildi.

Posco Daewoo, Color Paradise, Solsang International, RATEL E&T, Korea Factory kompaniyalari va Lotte Mart savdo tarmog‘i rahbarlari bilan uchrashuvlarda 2017−2018 yillarda O‘zbekistondan 70 mln dollarlik to‘qimachilik mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha maqsadlar to‘g‘risidagi bayonnomalar va shartnomalar imzolandi.

Koreya xalqaro savdo assotsiatsiyasi (KITA) hamda KTNET milliy elektron savdo platformasi rahbariyati bilan o‘tkazilgan muzokaralarda 2017-2018 yillarda KOREA Trade elektron savdo maydonchasi orqali o‘zbek to‘qimachilik mahsulotlarini Koreya Respublikasida ilgari surish, o‘zbek kompaniyalarining Janubiy Koreyadagi vakolatxonalari yoki koreys importchilari va transport kompaniyalari orqali onlayn rejimda bojxona rasmiyatchiliklari bo‘yicha xizmatlarni ko‘rsatish to‘g‘risidagi kelishuvlarga erishildi.

Youngone Corporation rahbariyati bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda tomonlar Toshkent viloyatining Bo‘ka tumanida bo‘yash va tikish bo‘yicha, Samarqandda dizaynerlik va o‘qitish markazi bo‘lgan tikish bo‘yicha ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, shuningdek Samarqandda «El merosi» madaniyat markazi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash ijtimoiy loyihasi bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishga kelishib olindi. Youngone Corporation tomonidan kiritiladigan to‘g‘ridan-to‘g‘ri sarmoya miqdori 20 mln dollardan oshadi.

Shu bilan birgalikda, Daewo Cantavil va Samwon rahbariyati bilan o‘tkazilgan muzokaralarda O‘zbekistonda bosqichma-bosqich ko‘ylakbop va boshqa matolar, maktab liboslari, shuningdek to‘qimachilik sanoati uchun bo‘yoqlar va kimyoviy moddalarni ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha bitimlarni imzolash masalalari ishlab chiqildi.