O‘zbekiston maktabgacha ta’lim vaziri Agrippina Shin Prezident Shavkat Mirziyoyev 22 noyabr kuni davlat tashrifi bilan boradigan Koreya Respublikasida uchrashuv va muzokaralar olib bordi.

«Gazeta.uz» bilan intervyuda vazir maktabgacha ta’lim tizimining barcha munosabatlarini zamonaviylashtirish yo‘lidan borayotgan O‘zbekiston uchun xorij tajribasi, jumladan Koreya Respublikasining mazkur yo‘nalishdagi tajribasi juda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlab o‘tdi.

«Maktabgacha ta’lim vazirligi - bu mutlaqo yangi mahkama, biz qariyb noldan ish boshladik va biz uchun xorijiy, jumladan koreys tajribasi juda muhim», - dedi Agrippina Shin.

«Bu yerda biz alohida e’tibor va nazorat ostida bo‘lgan bolalarni barvaqt rivojlantirishning barcha qirralarini ko‘rdik. Eng muhimi - bu bolaga bo‘lgan munosabat va muhabbat. Maktabgacha ta’lim muassasalarida bolaning rivojlanishi va uning xavfsizligi uchun barcha ishlar qilingan. Inklyuziv ta’limga bo‘lgan munosabatni alohida ta’kidlab o‘tgan bo‘lar edim», - dedi vazir.

Ham o‘zbek, ham koreys tomoni amalga oshirilajak tashrif, xususan yuqori darajadagi muzokaralardan juda ko‘p natijalarni kutmoqda, deya qo‘shimcha qildi u.

Chorshanba kuni Seulda O‘zbekistonga 2000 dona pianinoni beg‘araz taqdim etish to‘g‘risidagi shartnomaning imzolanishi kutilmoqda. Bu «farzandlarimizning har tomonlama rivojlanishi uchun sharoitlarni yaxshilashga xizmat qiladi», dedi Agrippina Shin.

«Gazeta.uz» O‘zbekiston Prezidentining Koreya Respublikasiga davlat tashrifini yoritish bo‘yicha matbuot markaziga taqdim etilgan intervyu uchun minnatdorchilik bildiradi.