Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri v. b. Sherzod Shermatov, oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Inom Majidov hamda Toshkentdagi Inha universiteti rektori Sarvar Boboxo‘jayevdan iborat O‘zbekiston delegatsiyasi Koreya Respublikasining yetakchi universitetlari rahbarlari bilan muzokaralar olib bordi.

Uchrashuvlar O‘zbekiston Prezidentining 22-25 noyabr kunlari Koreya Respublikasiga uyushtiradigan davlat tashrifi arafasida bo‘lib o‘tdi.

Janubiy Koreyada bitiruvchilari karerasida eng yaxshi natijalarni qayd etadigan universitetlar uchligi SKY universities deb nomlanadi. Mazkur qisqartma uchta universitet nomlarining birinchi harflaridan olingan: Seul milliy universiteti (Seoul National University), Koryo universiteti (Korea University) va Yonsey universiteti (Yonsei University).

Sermahsul hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun O‘zbekiston delegatsiyasi aynan ushbu universitetlar rahbarlari bilan uchrashdi. Bundan tashqari, Hanyang texnologiya universitetida (Hanyang University) ham uchrashuvlar o‘tkazish rejalashtirilgan.

O‘zbek tomoni koreys OTMlariga O‘zbekistonda filiallar ochish, jumladan arxitektura, shaharsozlik va fuqarolik injeneriyasi yo‘nalishlarida oliy ta’limni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishni taklif qildi. mazkur masalani o‘rganish uchun ishchi guruhi tashkil etish rejalashtirilgan.

Sherzod Shermatov va Sarvar Boboxo‘jayev Koreya Respublikasidagi Inha universiteti prezidenti Sunya Choy bilan muzokaralar olib borib, unda Toshkentdagi Inha universiteti ta’lim dasturlarini kengaytirish masalasi ko‘rib chiqildi.

Elektron biznes bilan bog‘liq bakalavriat yo‘nalishini ochish zarurligi qayd etildi. Universitetlar vakillari Toshkentdagi Inha universiteti magistratura dasturlarini ochish to‘g‘risidagi maqsadlar haqidagi bayonnomani imzolashdi.

Inha universiteti Tibbiyot maktabi rahbariyati bilan uchrashuvda mazkur OTMning Toshkentdagi filiali hamda uning klinikasini ochish, jumladan telemeditsina xizmatlarini taqdim etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish taklif qilindi. Mazkur masalani o‘rganib chiqish uchun ishchi guruhi tashkil etiladi.