Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi hamda Janubiy Koreyaning Sejin G&E kompaniyasi Toshkent viloyatining Ohangaron tumanidagi Toshkent poligonida qattiq maishiy chiqindilarni yo‘q qilish va qayta ishlash bo‘yicha loyihani ishlab chiqib, chiqindi gazi olish hamda elektr va issiqlik energiyasini hosil qilishni yo‘lga qo‘yadi.

Qo‘mita matbuot xizmatining xabar qilishicha, delegatsiyaning Koreya Respublikasiga tashrifi doirasida tegishli memorandum imzolanadi. Loyihaning umumiy qiymati 50-60 mln dollar atrofida baholanib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri sarmoya kiritiladi.

Davlat ekologiya qo‘mitasi delegatsiyasi Ansan shahridagi Sejin G&E chiqindilarni qayta ishlash zavodiga tashrif buyurdi. U qattiq maishiy chiqindilarni saralash bilan shug‘ullanib, 750 ming aholiga ega shaharga xizmat ko‘rsatadi. Har yili 15 ming tonnadan ziyod qattiq maishiy chiqindi saralanib, qayta ishlanadi. Mazkur korxonada qattiq maishiy chiqindilardan 80 foizgacha foydali tarkibiy qismlarni saralashga imkon beruvchi texnologiyalar joriy etilgan.