O‘tgan haftada respublika avtomobil yo‘llarida jami 223 yo‘l-transport hodisasi sodir etilgan. Natijada, 216 nafar fuqaro turli darajada tan jarohati olgan. Bu haqda O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasining matbuot xizmatiga tayanib O‘zA xabar qildi. Xabarda halok bo‘lganlar to‘g‘risida ma’lum qilinmagan.

Hafta davomida yo‘l-patrul xizmati inspektorlari tomonidan 89 mingdan ziyod qoidabuzarlik aniqlangan bo‘lib, ularning 46 ming 124 tasi qo‘pol qoidabuzarlik sifatida qayd etilgan. Jumladan, 1 ming 783 haydovchi transport vositasini mast holda boshqargani, 14 ming 373 nafari belgilangan tezlik talablarini, 1 ming 584 haydovchi svetofor va chorrahalardan o‘tish qoidasini, 13 ming 739 nafari odam tashish qoidasini buzgani, 1 ming 343 haydovchi harakat vaqtida telefondan foydalangani, 13 ming 42 haydovchi xavfsizlik kamarlarini taqmasdan harakatlangani uchun to‘xtatilgan. Ularga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan.

Qayd etish joizki, avvallari IIBB tezkor ma’lumotlarni e’lon qilmagan. Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 15 noyabr kuni mamlakatda huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida belgilangan vazifalar ijrosi, bu borada mavjud muammolar va ularni hal etish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha ko‘rilayotgan choralarning bugungi kun talablariga javob bermasligi qayd etilgandi. Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi matbuot xizmati rahbari Akmal Yunusov yo‘llarda harakat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha amaliy ishlar boshlanganini ma’lum qildi.

«Haydovchi va piyodalarning yo‘llarda harakatlanish madaniyatini oshirish maqsadida ta’lim muassasalarida, korxona va tashkilotlarda, mahallalarda soha mutaxassislari tomonidan uchrashuvlar, davra suhbatlari o‘tkazilmoqda. Yo‘llarda harakatlanish qoidalarini buzgan piyodalarga nisbatan xodimlarimiz tomonidan voqea joyining o‘zida tushuntirish ishlari olib borilmoqda», - dedi Akmal Yunusov.