20 noyabr kuni taxminan 9:10 atrofida Toshkent IIBB navbatchilik qismiga Olmazor tumanida joylashgan kuchaytirilgan nazoratli ruhiy kasalliklar shifoxonasidan uch nafar shaxsning qochgani haqidagi xabar kelib tushdi.

IIBB matbuot xizmati ularning nomlarini keltirib o‘tdi: Omonov Sherqul Safarovich, O‘zbekiston Respublikasi JKning 169-moddasi 3-qismida ko‘rsatib o‘tilgan (o‘g‘irlik) jinoyatini sodir etgan, Rashidov Ma’ruf Maxmudovich, 104-modda 3-qismida ko‘rsatib o‘tilgan (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) jinoyatini sodir etgan, Xamrayev Axror Tursunbayevich, 273-modda 5-qismida ko‘rsatib o‘tilgan (giyohvandlik vositalarini ko‘p miqdorda qonunga xilof ravishda sotish) jinoyatini sodir etgan.

Yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan shaxslarga nisbatan sudning ajrimiga asosan tibbiy yo‘sindagi majburlov choralari qo‘llanilgan.

IIBB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida, Ma’ruf Rashidov va Axror Xamrayev qo‘lga olindi.

Toshkent IIBB aholiga murojaat qilib, Sherqul Omonovni ko‘rganlar yoki uning qayerda ekanligini bilganlar «102» telefon raqamiga yoki yaqin atrofdagi ichki ishlar organlariga xabar berishni so‘radi.

Sherqul Omonov.