«Paxtakor» futbol klubi darvozaboni Aleksandr Lobanov O‘zbekiston chempionati 29-turida «Nasaf"ga qarshi so‘nggi uchrashuvda sportga xos bo‘lmagan xatti-harakati uchun jarimaga tortildi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar qildi.

Yakshanba kuni bo‘lib o‘tgan uchrashuvda «Paxtakor» golkiperi «Nasaf"dan mag‘lubiyatga uchraganidan (0:4) so‘ng tribuna ostidagi binoga kirib ketar ekan, tribunadagi muxlislarga odobsiz ishora ko‘rsatdi.

Shu munosabat bilan «Paxtakor» rahbariyati yig‘ilish o‘tkazib, unda Lobanovning «Nasaf» bilan bellashuvdan so‘ng muxlislar provokatsiyasiga javob qaytarib, ularga nisbatan hurmatsiz munosabatda bo‘lgani ko‘rib chiqildi. Yakunda «Paxtakor» darvozabonining o‘sha harakati keskin tanqid ostiga olindi va Lobanovga nisbatan «Paxtakor» futbol klubi tomonidan zarur chora ko‘rilib, moddiy jarima belgilandi. Bunday vaziyat yana ro‘y bergan taqdirda keskinroq chora ko‘rilishi haqida ogohlantirildi.

Aleksandr Lobanov Qarshidagi uchrashuvdan so‘ng ro‘y bergan holatdan afsusda ekanini ma’lum qildi. Bunga uning o‘yindan keyin juda asabiylashgani sabab bo‘lgan. Darvozabon «Paxtakor» futbol klubi hamda muxlislardan buning uchun kechirim so‘raydi. Lobanov bunday hodisa boshqa qaytarilmasligiga va’da berdi, deyiladi xabarda.

Qayd etish joizki, mavsum tugashiga bir tur qolganda «Lokomativ» muddatidan oldin O‘zbekiston chempioni bo‘ldi. «Nasaf» kumush medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, «Paxtakor» bronza medaliga sazovor bo‘ldi.