2017 yilning 21 noyabr kuni soat taxminan 15:00larda «Abu Saxiy» bozori hududida ruhiy kasalliklar shifoxonasidan qochgan uchinchi shaxs Sherqul Omonov qo‘lga olindi. Bu haqda Toshkent IIBB matbuot xizmati xabar qildi.

Ushlash jarayonida u yonida bo‘lgan pichoq bilan ichki ishlar organlari xodimiga qurolli faol qarshilik ko‘rsatib, yon atrofdagilarga nisbatan jiddiy xavf tug‘dirgan.

«IIO xodimi tan jarohati olgan bo‘lishiga qaramay, yuqori professional tayyorgarligi va jasorati tufayli Sherqul Omonovni qurolsizlantirib, qo‘lga olgan», - deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, boshqa ikki qochoq 20 noyabr kuni huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan qo‘lga olingan edi.