16-20 noyabr kunlari Rossiya O‘zbekistonga qariyb 30 ming tonna neftni yetkazib berishni boshladi, ularning 13,3 ming tonnasi Qozog‘istondagi «Shag‘ir» neft quyish estakadasidan temir yo‘l sisternalariga ortildi. Bu haqda Rossiya neftini O‘zbekiston yo‘nalishida tranzit qilish bilan shug‘ullanayotgan Qozog‘istonning «KazTransOyl» neft-transport kompaniyasi xabar qildi.

Yetkazib berish O‘zbekiston va Qozog‘iston hukumatlari o‘rtasida tuzilgan kelishuvga binoan «KazTransOyl» magistral neft quvurlari tizimi bo‘ylab «Omsk — Pavlodar — Chimkent — Shag‘ir» yo‘nalishi bo‘ylab amalga oshiriladi.

«KazTransOyl» bosh direktori Dimash Dosanovning ma’lum qilishicha, 2017 yil oxiriga qadar mazkur yo‘nalish bo‘ylab 80 ming tonnagacha xom ashyoni yetkazib berish rejalashtirilgan.