O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20 noyabr kuni 1 dekabrdan oylik ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

Hujjat «respublika aholisining daromadlari va turmush darajasini yanada muttasil oshirib borish, valyuta siyosatini liberallashtirish sharoitida fuqarolarga ijtimoiy madadni kuchaytirish maqsadida» qabul qilindi.

Byudjet muassasalari va tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar hamda nafaqalar miqdori o‘rta hisobda 1,15 baravar oshirildi.

Yangi eng kam miqdorlar:

  • ish haqi — oyiga 172240 so‘m (hozirda — 149775 so‘m);
  • yoshga doir pensiya va bolalikdan nogironlarga beriladigan nafaqa — oyiga 336880 so‘m (292 940);
  • zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqa oyiga 206720 so‘m (179 755) miqdorida belgilandi.

Ish haqi hamda pensiyalarga qo‘shilgan ustama va qo‘shimcha haqlarning barcha turlari, eng kam ish haqiga nisbatan belgilangan kompensatsiya va boshqa to‘lovlar 1 dekabrdan boshlab Prezident Farmonida belgilangan eng kam ish haqi miqdoridan kelib chiqqan holda amalga oshirish belgilab qo‘yildi.

Xo‘jalik hisobidagi korxona va tashkilotlarga 1 dekabrdan boshlab farmonda belgilangan eng kam ish haqiga muvofiq, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va mehnat sarfini kamaytirish hisobiga ish haqi miqdorini oshirish belgilandi.

Bundan oldin eng kam ish haqi 2016 yil oktyabrda 15 foizga oshgan edi.