Ushbu mavsumda o‘tgan qishga qaraganda ko‘proq shakar import qilinadi. Barcha savdo nuqtalari kerakli miqdordagi ijtimoiy ahamiyatga ega mahsulot bilan ta’minlanadi, deya xabar qildi «O‘zbekoziqovqatxolding» matbuot xizmati.

«O‘zbekoziqovqatxolding» kompaniyasi hukumat topshirig‘i asosida shakar import qilish bo‘yicha xorijiy hamkorlar bilan shartnomalar imzoladi, — deya xabar qildi xolding matbuot kotibi Umid Ro‘ziyev. — Yaqin kunlarda shakar ortilgan temir yo‘l eshelonlarining yetib kelishi kutilmoqda".

Mazkur harakatlardan ko‘zlangan asosiy maqsad — shakar narxining keskin ko‘tarilishiga yo‘l qo‘ymaslik va uni tuman va shaharlardagi do‘konlar hamda oziq-ovqat korxonalariga uzluksiz yetkazib berish orqali shakar taqchilligiga yo‘l qo‘ymaslikdan iborat.

Kompaniyadan qayd etilishicha, hozirda aholiga shakarning bir kilogrami uchun 5000 so‘mdan oshmagan qiymatda sotilishi uchun sharoitlar yaratilgan.