JV MAN Auto-Uzbekistan O‘zbekiston-Germaniya qo‘shma korxonasi shaharlararo MAN Lion’s Coach avtobuslarini ishlab chiqarishni o‘zlashtirib, MAN CLA seriyasidagi yuk avtomobillari modellari qatorini kengaytiradi. Bu haqda QK matbuot xizmati xabar qildi.

«O‘zavtosanoat» va MAN Truck & Bus AG kompaniyalari o‘rtasidagi hamkorlikda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish to‘g‘risidagi kelishuv bosh vazir Abdulla Aripov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasining Germaniyaga rasmiy tashrifi va O‘zbekiston-Germaniya biznes-forumi doirasida imzolandi. Loyiha 2018−2019 yillarda JV MAN Auto-Uzbekistan kompaniyasining Samarqand viloyatidagi mavjud maydonchalarida amalga oshiriladi.

MAN Lion’s Coach — premium sinfga mansub to‘liq hajmli sayyohlik avtobuslari hisoblanadi. Yangi avtobuslarning ishlab chiqarilishi O‘zbekiston shaharlari o‘rtasida aholiga transport xizmatini ko‘rsatish tizimini takomillashtirish va shaharlararo yo‘lovchilar tashish miqdorini oshirishga xizmat qiladi.

Bundan avvalroq JV MAN Auto-Uzbekistan siqilgan tabiiy gazda harakatlanuvchi past polli MAN A22 CNG avtobuslarini ishlab chiqarishni o‘zlashtirgan edi.

Siqilgan tabiiy gazda harakatlanuvchi dvigatelga ega MAN CLA yuk mashinalari va umumiy vazni 50 tonna, dvigatel quvvati 440 ot kuchiga teng MAN CLA samosvallarini ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha loyihani 2019−2020 yillarda amalga oshirish rejalashtirilmoqda.

2009 yilda asos solingan JV MAN Auto-Uzbekistan kompaniyasi 50 dan ziyod nomda maxsus texnikalar, jumladan avtobuslar, samosvallar, beton, suv, chiqindi tashuvchi mashinalar ishlab chiqaradi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston delegatsiyasining Germaniyaga tashrifi chog‘ida «O‘zavtosanoat» va Volkswagen kompaniyalari o‘rtasida JV MAN Auto-Uzbekistan korxonasida Volkswagen Amarok pikaplarini ishlab chiqarishga ham kelishib olindi.