O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 16 noyabr kuni «Respublika oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga kirish test sinovlarini o‘tkazish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi.

Hujjatga muvofiq, 2018/2019 o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga qabul qilish bo‘yicha test sinovlari 1 avgustdan 15 avgustgacha bo‘lgan davrda o‘tkazilishi va test sinovlari natijalari test o‘tkazilgan kunning ertasiga Davlat test markazining rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.

Shuningdek, ushbu hujjatda abituriyentdan alohida iqtidor talab etiladigan madaniyat, san’at, dizayn, tasviriy va amaliy san’at, san’atshunoslik, musiqiy ta’lim, sport va jismoniy tarbiya sohasidagi ta’lim yo‘nalishlariga qabul qilish test sinovlarisiz, ijodiy imtihonlar orqali amalga oshirilishi nazarda tutilgan.

Qarorning yana bir muhim jihati shundaki, 2017/2018 o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha kirish test sinovlari Toshkent shahrida «O‘zekspomarkaz» Milliy ko‘rgazmalar majmuasi pavilonlarida hamda uning hududida qo‘shimcha yig‘ma pavilonlar o‘rnatilib, ulardan samarali foydalangan holda, shuningdek, katta sig‘imdagi boshqa binolarda, viloyat markazlarida esa Olimpiya zaxiralari kollejlari yoki joylardagi boshqa muassasalarning katta sig‘imdagi binolarida, test jarayonining oshkora va shaffofligini ta’minlagan holda, videokuzatuvlar orqali onlayn tizimda jamoatchilikka, shu jumladan, abituriyentlarning ota-onalariga ko‘rsatib o‘tkazilishi belgilab qo‘yildi.

Test sinovlarini havfsiz o‘tkazish hamda test sinovlari jarayonida uchraydigan salbiy holatlarning oldini olish, test sinovlari jarayonini onlayn yoritish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan shaxsni identifikatsiyalash vositalari, videofiksatsiya qurilmalari, metallodetektorlar, monitorlar va yig‘ma pavilonlarni respublikada amalga oshirilayotgan «Xavfsiz shahar» tizimi doirasida xarid qilinishi va uni O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tizimiga operativ boshqaruv huquqi asosida bepul berilishini ta’minlash vazifasi belgilandi.

Shu bilan bir qatorda, qarorda Davlat test markazi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi hamda Adliya vazirliklariga bir oy muddatda test sinovlarini o‘tkazish jarayoni ishtirokchilarining mas’uliyatini yanada oshirish va ularning javobgarligini belgilash bo‘yicha qonunchilikka tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritish vazifasi topshirildi.

Qarorda belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida sifatli bajarishni ta’minlash maqsadida Davlat test markazining byudjetdan tashqari mablag‘lari hamda oliy ta’lim muassasalarining oshirilgan to‘lov-kontrakt tushumlari (5 foizgacha miqdorda) hisobidan Davlat test markazi huzurida «Davlat test markazi faoliyatini rivojlantirish jamg‘armasi"ni tashkil etilishi ham belgilab qo‘yilgan. Mazkur jamg‘arma mablag‘lari Davlat test markazining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, xorijiy davlatlarning o‘quv va ilmiy muassasalarida Davlat test markazi xodimlarining malakasini oshirish, Davlat test markazi xodimlarini moddiy rag‘batlantirish kabi ishlarga sarflanadi.

So‘nggi yillarda oliy ta’lim muassasalariga kirish istagida bo‘lgan abituriyentlar soni keskin ortib bormoqda. Yildan-yilga o‘sish o‘rtacha 10 foizni tashkil etib, xususan, 2016 yilda 663 ming, 2017 yilda 729 ming nafardan ziyod abituriyent oliy ta’lim muassasalariga hujjat topshirgan. Tahlillarga ko‘ra, 2018 yilda oliy ta’lim muassasalariga 810 mingdan ortiq abituriyentning hujjat topshirishi kutilmoqda.

Lekin bugungi kunda test sinovlari orqali oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga talabalarni qabul qilishda bir qator kamchiliklar mavjud. Jumladan, keyingi yillarda test sinovlarini o‘tkazish tartib-qoidalari, test sinovlari natijalarini e’lon qilish va uni takomillashtirish borasidagi olib borilayotgan ishlar bugungi kun talablariga to‘liq javob bera olmayapti. Bu hol manfaatdor jamoatchilikning, ayniqsa, ota-onalarning test sinovlarini o‘tkazish jarayonlariga haqli ravishdagi e’tirozlarini keltirib chiqarmoqda va har yili ularning ushbu masala yuzasidan qariyb 4 mingdan ziyod asosli murojaatlari kelib tushmoqda.

«Kirish test sinovlari topshiriqlari va uni o‘tkazish talablari qobiliyatli yoshlarni oliy ta’limga qabul qilish mezonlariga to‘la javob bermaydi, — deya tan olinadi qarorda. — Ayniqsa, ijodkorlik va individual mahoratni talab etadigan madaniyat, san’at, dizayn, tasviriy va amaliy san’at, san’atshunoslik, musiqiy ta’lim, sport va jismoniy tarbiya sohasidagi ta’lim yo‘nalishlariga iqtidorli yoshlar o‘rniga, ushbu sohalarda yetarli iqtidorga ega bo‘lmagan yoshlar test sinovlari orqali o‘qishga qabul qilinmoqda».