O‘zbekistonda joriy yilning 10 oyi davomida sodir etilgan jinoyatlar soni 9698 taga yoki 14 foizga (69,2 mingtadan 59,5 mingtagacha) kamaydi. O‘zA xabariga ko‘ra, bu haqda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 15 noyabr kuni mamlakatda huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida belgilangan vazifalar ijrosi, bu borada mavjud muammolar va ularni hal etish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilingan.

Joriy yil yanvar-oktyabr oylarida talonchilik 16 foizga, bosqinchilik — 19 foizga, qotillik — 21 foizga, tovlamachilik — 22 foizga, bezorilik — 34 foizga kamaygan. Shuningdek, ayollar o‘rtasida jinoyat sodir etish holatlari 16 foizga, yoshlar o‘rtasida 14 foizga, voyaga yetmaganlar o‘rtasida 17 foizga kamaydi.

Uyma-uy yurib aholi muammolarini o‘rganish natijasida 22370 oilaning notinchligiga barham berildi, 11345 yosh oila ajrashib ketishdan saqlab qolindi, mahalla posbonlarining tezkor xabarlari yordamida 4494 jinoyat fosh etildi.

Huquqbuzarliklarning oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashish faoliyatiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalari keng tatbiq qilinmoqda. Jumladan, Toshkentda «xavfsiz shahar», Samarqand, Buxoro, Xiva va Shahrisabz shaharlarida «xavfsiz turizm», Parkent tumanida «xavfsiz dam olish» konseptual loyihalari joriy etilmoqda.

Mamlakatda savdo-sotiq, madaniy hordiq chiqarish va boshqa jamoat joylari, ta’lim muassasalarida jami 177 mingdan ortiq videokuzatuv moslamalari o‘rnatilishi natijasida ko‘plab og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarni fosh etishga erishildi.

Namangan shahrining Orzu mahallasidagi ijobiy tajribadan samarali foydalanish natijasida viloyatning 160 ta, Xorazmda «Jamoatchilik nazorat maskanlari» faoliyati yo‘lga qo‘yilishi evaziga 198 ta mahallani jinoyatdan xoli hududga aylantirishga erishildi.

Davlat rahbari ayrim hududlarda jinoyatlarni sezilarli kamaytirishga erishilmagani, ba’zi jinoyat turlari oshgani kabi kamchiliklarni keskin tanqid qildi. Xususan, Toshkent shahri, Jizzax, Samarqand, Farg‘ona va Toshkent viloyatlari mutasaddi rahbarlariga yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar ko‘rsatilib, ularni bartaraf etish borasida aniq topshiriqlar berildi.

Qator mahallalarda profilaktik tadbirlarning samaradorligi yetarli darajada ta’minlanmagani, huquq-tartibot idoralarining jamoatchilik bilan hamkorligi talab darajasida yo‘lga qo‘yilmagani, bu esa ayrim turdagi og‘ir jinoyatlar sodir etilishiga sabab bo‘lgani aniq raqam va misollar asosida tahlil qilindi. Davlat rahbari tomonidan har bir hududning o‘ziga xos xususiyatidan kelib chiqqan holda, tumanlar kesimida jinoyatlarning oldini olish borasida alohida chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan «Yo‘l xaritasi"ni ishlab chiqish yuzasidan ko‘rsatma berildi.

Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, joriy yilning dastlabki 10 oyida sodir etilgan qotillik jinoyatlarining 165 tasi er-xotin va qaynona-kelinlar o‘rtasida, 66 tasi qo‘ni-qo‘shnilar o‘rtasida oddiygina maishiy kelishmovchiliklar oqibatida kelib chiqqan.

Prezident tomonidan «Mahalla posboni» jamoatchilik tuzilmasi faoliyatini tanqidiy ko‘rib chiqib, uning ish samaradorligini oshirish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi. Huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishda posbonlar ishtiroki sezilmayotgani, bunday vazifaga fidoyi yoshlar safarbar etilmayotgani, rag‘batlantirish mexanizmlari ishlab chiqilmagani ta’kidlandi.

Yana bir og‘riqli mavzu — ko‘rilayotgan choralarga qaramasdan, firibgarlik bilan bog‘liq jinoyatlarni keskin kamaytirishga erishilmayotgani ta’kidlab o‘tildi. Bunday jinoyatlarning asosiy sabablari fuqarolik munosabatlarini qonun doirasida amalga oshirmaslikka borib taqaladi. Oqibatda bu sodda odamlarning jinoyat qurboni bo‘lishiga olib kelmoqda. Shu sababli Shavkat Mirziyoyev notariat tizimlaridagi byurokratizm va sansolarlik holatlariga chek qo‘yish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish orqali notarial xizmatlar ko‘rsatish jarayonini takomillashtirish zarurligiga alohida e’tibor qaratdi.

Yig‘ilishda yoshlar o‘rtasida sodir etilayotgan jinoyatchilik masalasi batafsil muhokama qilindi. Bu borada ahvol tashvishlanarlidir. Xususan, joriy yilning 10 oyi davomida yoshlarning 22 ming nafari jinoyatga qo‘l urgan. Bu raqam jinoyat sodir etgan jami shaxslar ko‘rsatkichining uchdan bir qismini tashkil qiladi. Akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari tomonidan 875 ta, maktab o‘quvchilari tomonidan esa 310 ta og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etilishiga yo‘l qo‘yilgan.

Toshkent yuridik kolleji o‘quvchilari dars vaqtida muassasa hovlisida o‘zaro janjallashib, oqibatda bu ulardan birining o‘limiga, birining esa og‘ir jarohat olishiga sabab bo‘lgani kabi holatlar qaytarilishiga yo‘l qo‘ymaslik zarurligi ta’kidlandi.

Majlisda yoshlar orasida jinoyatchilikning oldini olish, bu borada ta’lim muassasalari va ichki ishlar organlarining hamkorligini mustahkamlash va mas’uliyatini oshirish masalalari tahlil qilindi. Shu maqsadda tegishli vazirlik va idoralar rahbarlariga o‘quvchi-talabalarning darsdan tashqari vaqtlarini samarali o‘tkazishni tashkil etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish, maktabgacha va maktabdagi ta’lim davrida tadbirkorlik qobiliyatini shakllantirishga alohida e’tibor berish, bu jarayonga malakali kadrlarni jalb etish, yoshlar uchun biznes sohasiga oid adabiyotlar yaratish yuzasidan topshiriqlar berildi.

Yig‘ilishda jinoyatchilikning oldini olishda eng muhim omillardan biri bo‘lgan ishsizlikni bartaraf etish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Ushbu muammoni bartaraf etmay turib, huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘yicha ko‘zlangan natijalarga erishib bo‘lmaydi. Shu ma’noda, Prezident Shavkat Mirziyoyev jinoyat sodir etganlarning 16 mingdan ziyodi yoki har to‘rttadan bittasi ishsiz ekaniga e’tibor qaratdi.

Prezident bunday noxush holatni bartaraf etish uchun har bir sektor rahbari o‘ziga biriktirilgan hududlarda tadbirkorlik sub’ektlarini to‘liq qo‘llab-quvvatlashi, yangi ish o‘rinlarini barpo etishga ko‘maklashishi, fuqarolarning bandligini ta’minlashga imkoniyat yaratish bo‘yicha aniq ishlarni amalga oshirishi lozimligini ta’kidladi.

Muhokama qilingan yana bir dolzarb masala — bu yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha ko‘rilayotgan choralarning bugungi kun talablariga javob bermasligidir. Masalan, o‘tgan 10 oyda sodir etilgan 8 mingga yaqin yo‘l-transport hodisasi oqibatida 231 nafar fuqaro halok bo‘lib, 7622 nafari tan jarohati olgan. Bu hodisalarning asosiy sababi fuqarolarda yo‘l harakati qoidalariga rioya qilish madaniyatini oshirish, avtotransport vositalarining yo‘llarda harakatlanishi uchun xavfsizlik choralarini ko‘rishda jiddiy muammolar mavjudligidadir.

Shuni inobatga olgan holda, mutasaddi rahbarlarga haydovchi va piyodalarning yo‘llarda harakatlanish madaniyatini oshirish, yo‘llarni harakat xavfsizligini ta’minlashning zamonaviy texnik vositalari bilan jihozlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Huquqbuzarliklar profilaktikasida xizmat intizomi va qonunchilikni kuchaytirish, ichki ishlar idoralari tarkibiga adashib kirib qolgan, mas’uliyatni to‘la anglamasdan, fuqarolarning haqli e’tirozlariga sababchi bo‘layotgan xodimlardan tozalash masalasi doimo dolzarb vazifadir. Shu nuqtai nazardan, ichki ishlar organlarining kadrlarni tayyorlash va malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi.

Shavkat Mirziyoyev bundan buyon har bir sektor rahbari jinoyatchilikning holati uchun ham shaxsan javob berishini qayd etib o‘tdi. Sektor rahbarlarining bu boradagi mas’uliyatini oshirish maqsadida Hududlarda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish va huquqbuzarlikka qarshi kurashish Respublika komissiyasini tuzish bo‘yicha topshiriq berildi. Uning tarkibiga «Mahalla», «Nuroniy» jamg‘armalari, Yoshlar ittifoqi, Xotin-qizlar qo‘mitasi, Kasaba uyushmalari federatsiyasi, Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbarlarini ham kiritish, Komissiya faoliyatini Oliy Majlis Senati tomonidan muvofiqlashtirish belgilandi.

Majlisda rahbarlar ma’naviyati masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Haqiqiy rahbar, haqiqiy yetakchi odamlarning bardoshini sinash uchun emas, balki ularga munosib shart-sharoit yaratib berish, og‘irini yengil qilish uchun rahbar etib tayinlanadi. Barcha bo‘g‘indagi rahbarlar — u vazir yoki hokim bo‘ladimi, idora yoki tashkilot boshlig‘i bo‘ladimi, o‘zining odob-axloqi va madaniyati bilan hammaga o‘rnak va namuna bo‘lishi zarurligi alohida ta’kidlandi.