2016 yilda va joriy yilning birinchi yarmida O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati organlari tomonidan mamlakat aholisini noqonuniy mehnat va jinsiy maqsadlarda foydalanish uchun xorijga olib chiqib ketish faoliyati bilan shug‘ullangan 216 nafar fuqaro faoliyatiga nuqta qo‘ydi. Mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 135-moddasi (odam savdosi) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Bu haqda MXX dushanba kuni bo‘lib o‘tgan brifingda ma’lum qildi.

Xorijga norasmiy yo‘llar bilan chiqib ketgan mehnat migrantlari ko‘proq odam savdosi qurboni bo‘lmoqda. Ular hech qanday rasmiy maqomga ega bo‘lmagan holda qiyin vaziyatlarda mehnat qilmoqda. Xususan, pasportlari olib qo‘yilmoqda, ayrim hollarda oylik maosh qisman to‘lansa, ba’zi vaziyatlarda mutlaqo berilmasdan, antisanitar sharoitlarda saqlanmoqda.

O‘zbekiston fuqarolari asosan Rossiya, Qozog‘iston, Ozarbayjon va Ukraina orqali BAA, Turkiya, Osiyo-Tinch okeani davlatlari, AQSH va Yevropaga yetkazilmoqda. O‘zbekistonliklar ushbu davlatlarga milliy yoki boshqa davlatlarning soxta viza va chiqish qaydlari bo‘lgan soxta pasportlaridan foydalanilgan holda olib chiqib ketilmoqda.