O‘zbekiston mudofaa vaziri Abdusalom Azizov va Yoshlar ittifoqi markaziy kengashi raisi Qahramon Quronboyev 14 noyabr kuni o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladi.

Memorandum Mudofaa vazirligining harbiy qism va muassasalarida Yoshlar ittifoqining boshlang‘ich tuzilmalarini tuzish va faoliyatini yo‘lga qo‘yish, harbiy xizmatchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, yosh harbiy xizmatchilarning, jumladan, chaqiruvga qadar yoshlarning turli mafkuraviy tahdidlarga, xususan, ekstremizm, terrorizm, «ommaviy madaniyat» va boshqa yot g‘oyalarga qarshi mustahkam immunitetini shakllantirish kabi maqsadlarga xizmat qiladi.

Hamkorlikdagi rejaga muvofiq, mamlakat hududlarida «Jasorat» klublari faoliyatini yo‘lga qo‘yish, «Yoshlar poyezdi» targ‘ibot aksiyasida harbiy xizmatchilarning ishtirokini ta’minlash, armiya maktabini o‘tagan yoshlar bilan uzluksiz aloqani yo‘lga qo‘yish, muddatli harbiy xizmatdan qaytgan yigitlarni ishga joylashtirish va bandligini ta’minlash kabi tadbirlar amalga oshiriladi.

«Memorandumni imzolashdan maqsad — yoshlarimizda mamlakatga nisbatan vatanparvarlik hissini shakllantirishdan iborat. Biz uni yoshlarga yaqinroq bo‘lish va ular bilan birgalikda ishlash uchun imzoladik, — dedi mudofaa vaziri Abdusalom Azizov. — Biz O‘zbekistonni asrashimiz kerak, chunki hozirda dunyoda murakkab vaziyat hukmron, qo‘shni Afg‘onistonda xalqaro terroristik tuzilmalar faoliyat ko‘rsatmoqda. Yoshlar ittifoqi bilan hamkorlik qilar ekanmiz, biz O‘zbekiston mustaqilligini birgalikda himoya qila olamiz — davlatni himoya qilishdan boshqa vazifamiz yo‘q».

Qahramon Quronboyev, Abdusalom Azizov va Aziz Ikromov.

Mudofaa vaziri o‘rinbosari Aziz Ikromov O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan tashkil etilayotgan harbiy-sanoat kompleksida yoshlarning ham ishga jalb etilishi to‘g‘risidagi savolga quyidagicha javob qaytardi:

«Oliy bosh qo‘mondonimizning Turkiya Respublikasiga tashrifi chog‘ida O‘zbekistonda maxsus texnika va mashinalar ishlab chiqarish bo‘yicha korxona tashkil etish to‘g‘risidagi memorandum imzolangan edi. Va albatta, mazkur korxonalar ish o‘rinlarini yaratib, yoshlar ularga jalb etiladi».