15 noyabrdan O‘zbekistonda avtobenzin va dizel yonilg‘isi narxi o‘rtacha 1,5 barobarga oshadi, deya xabar qildi «Gazeta.uz"ga hukumatdagi axborot manbasi. Poytaxtdagi bir qancha avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalari ham yarim tundan narxlarni oshirishga tayyorgarlik ko‘rilganini tasdiqlashdi.

Yangi narxlar Vazirlar Mahkamasining 14 noyabrdagi qarori bilan tasdiqlandi. U «Yonilg‘i-energetika resurslarini o‘z vaqtida ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» deb nomlangan. Hujjatdan ma’lum bo‘lishicha, xuddi shu kuni Prezidentning «Yonilg‘i-energetika resurslari va boshqa yuqori likvidli mahsulotlar bilan ta’minlash sohasida raqobat muhitini takomillashtirish, suiiste’mol va talon-tarojliklar uchun shart-sharoitlarni bartaraf etish, to‘lov intizomini mustahkamlash, debitorlik va kreditorlik qarzdorlikni qisqartirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori ham qabul qilingan. Narxlarning oshishiga yonilg‘i-energetika resurslariga bo‘lgan jahon narxlarining ko‘tarilishi ham sabab qilib ko‘rsatilgan.

Ai-80 rusumli avtobenzinning yangi narxi bir litri uchun 3800 so‘m (o‘sish — 35,7 foiz), Ai-91 — 4300 so‘m (+43,3 foiz), dizel yonilg‘isi — 4100 so‘m (+72,6 foiz) va EKO dizel yonilg‘isi — 4200 so‘mni (+71 foiz) tashkil etdi.

Qarorda import qilinuvchi va import qilingan xom ashyoni qayta ishlashdan olingan Ai-92, -93, -95 va -98 benzin markalari (ayni paytda AYOQSHlarda mavjud emas) hamda Yevropa sifati va standartlariga javob beruvchi dizel yonilg‘isi AYOQSHlar orqali erkin tijoriy narxlarda sotiladi. Ushbu mahsulotlar ro‘yxati hukumat tomonidan belgilab beriladi.

15 noyabrdan qonunchilik asosida belgilab berilgan alohida shaxslar toifalari tomonidan avtobenzin sotib olish uchun xarajatlarning bir qismini qoplash bo‘yicha har oylik pullik badal miqdori 63,4 ming so‘m etib belgilandi.

Qarorda 2018 yil 1 apreldan tabiiy gaz narxlarining 10 foizga, elektr energiyasi esa 12 foizga qimmatlashishi ham xabar qilingan.

Avvalgi narx oshirilishi bir yildan sal ziyodroq oldin — 2016 yil oktyabr oyi oxirlarida amalga oshirilgan edi. O‘sha vaqtda narxlar o‘rtacha uchdan bir qismga oshgan, bu ushbu ko‘tarilish «murakkab vaziyatni o‘nglash va ayrim fuqarolarning noqonuniy xatti-harakatlarining oldini olish» bilan izohlangan edi.

Avval bo‘lgani kabi bu safar ham narxlardagi o‘zgarishlar hech qayerda oldindan ma’lum qilingani yo‘q. Seshanba kuni kechqurun ijtimoiy tarmoqlarda hukumat qarori nusxasining fotosuratlari tarqaldi. Bir kun muqaddam «O‘zbekiston 24» davlat telekanalida O‘zbekiston viloyatlarida benzin taqchilligi yuzaga kelgani va ko‘chalarda olibsotarlar tomonidan yonilg‘i sotilayotgani haqidagi lavha efirga uzatildi.

«O‘zneftmahsulot» kompaniyasi boshqaruv kengashi raisi o‘rinbosari Adhamjon Isomov 14 noyabr kuni «Daryo» internet nashri savollariga javob berar ekan, avtomobil yonilg‘isiga bo‘lgan joriy narxlar uni aholiga yetkazib berish xarajatlarini qoplamasligini ma’lum qilgan edi.

Qayd etish joizki, «O‘zneftmahsulot» saytida so‘nggi xabarlardan biri «Jahonda neft narxlari pasaymoqda» deb nomlangan edi.