Markaziy Osiyo bu — xavf-xatarlar emas, balki ko‘proq imkoniyatlarga ega hudud. Bu haqda Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqaror taraqqiyotni ta’minlash bo‘yicha Samarqandda bo‘lib o‘tgan xalqaro anjumanda Yevropa ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili, Yevropa komissiyasi vitse-prezidenti Federika Mogerini ma’lum qildi.

«Biz juda murakkab va xavfli davrda, ehtimol sovuq urush yakunlanganidan keyingi eng nozik zamonda yashayapmiz. Mazkur mintaqada (Markaziy Osiyoda — tahr.) xavf-xatarlardan ko‘ra ko‘proq imkoniyatlar ko‘rmoqdaman. Bu iqtisodiy o‘sish, xavfsizlikni ta’minlash, Markaziy Osiyoni hamkorlikda rivojlantirish uchun imkoniyatdir», — dedi u.

Yevropa kengashi Markaziy Osiyo davlatlari bilan mintaqaviy integratsiya bo‘yicha tajribalarini o‘rtoqlashishga tayyor, dedi Yevrokomissiya vitse-prezidenti.

«YeI nafaqat o‘z bilim va tajribalarini o‘rtoqlashishga tayyor, balki mintaqani va har bir davlatlatni hamkorlik yo‘lida bizda mavjud bo‘lgan barcha vositalar bilan qo‘llab-quvvatlashga ham tayyor», — deya ta’kidladi Federika Mogerini.

Tomonlar global tahdidlar — iqlim o‘zgarishi, atrof-muhitni muhofaza qilish, suv resurslarini boshqarish masalalariga kollektiv javob topishda bir-biriga ko‘maklashishi zarur.

«Biz to‘qnash kelayotgan xavf-xatarlarning katta qismi xalqaro chegaralar doirasidan chiqmoqda. Mintaqaviy va xalqaro hamkorlikdan boshqa choramiz yo‘q. Jumladan, bu xavfsizlik masalalari — bu Eron yadro dasturi, Afg‘onistonda tinchlik jarayonini qo‘llab-quvvatlash, yoshlarning radikallashuvi va boshqalarga aloqador», — dedi Yevroittifoq oliy vakili.

Federika Mogerini Yevropami yoki Markaziy Osiyo, qayerda bo‘lmasin, «xilma-xillik va plyuralizm bizning jamiyatimizni yanada kuchliroq qiladi», — dedi. U OAVning mustaqilligi, barcha uchun inson huquqlarining ta’minlanganligi va iqtisodiyotning jozibador bo‘lishi muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlab o‘tdi.

Yevrokomissiya vitse-prezidenti yoshlarning YeI va Markaziy Osiyo davlatlari hamkorligi imkoniyatlaridan foydalanishi ahamiyatini qayd etib o‘tdi. «Yoshlarimizning hamkorligimiz imkoniyatlaridan foydalanishlari men uchun yoqimli. 2015 yildan buyon minglab markaziy osiyolik tadqiqotchilar va talabalar YeIda o‘qish va ishlash imkoniyatiga ega bo‘ldi. O‘ylaymanki, bu ayni paytdagi va kelgusidagi hamkorligimizning eng mustahkam asosidir».