O‘zbekiston fuqarolik huquqlari himoyachilari majburiy va bolalar mehnatiga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risidagi xabardorlikni oshirish bo‘yicha o‘zaro hamkorlik mexanizmlari va qayta aloqa kanalini yaratishni taklif qilishdi.

Takliflar 13 noyabr kuni Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Xalqaro mehnat tashkiloti, Jahon banki, Human Rights Watch xalqaro huquqni muhofaza qilish tashkiloti vakillari hamda O‘zbekiston fuqarolik huquqlari himoyachilari — Shuhrat G‘aniyev, Yelena Urlayeva, O‘ktam Pardayev, Xaidboy Yakubov va boshqalar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ilgari surildi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi matbuot xizmatining xabar qilishicha, XMT bosh direktori maslahatchisi Kari Tapiola O‘zbekistonning joriy yilda paxtachilikda majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik borasidagi ijobiy kayfiyatini qayd etib o‘tdi.

Human Rights Watch vakili Stiv Sverdlov O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasi 72-sessiyasida XTM bilan bolalar va majburiy mehnatni bartaraf etish bo‘yicha hamkorlik olib borilayotgani ta’kidlab o‘tilganiga ijobiy baho berdi.

Suhbatdoshlar munosib mehnat sharoitlarining yaratilishi, paxta terimi kampaniyasida bolalar va majburiy mehnatdan foydalanishga yo‘q qo‘ymaslik kabi qator masalalarni muhokama qilishdi.