14−17 noyabr kunlari O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov boshchiligidagi hukumat delegatsiyasi Germaniyaga tashrif buyuradi.

TIV matbuot xizmatining xabar qilishicha, tashrif davomida Myunxen shahrida Bavariya Federal yeri bosh vaziri Horst Zeehofer va boshqa rasmiy shaxslar bilan uchrashuvlar o‘tkazish kutilmoqda.

Shuningdek, O‘zbekiston delegatsiyasi Germaniya iqtisodiyotining Sharqiy qo‘mitasi va Germaniya-O‘zbekiston ishbilarmonlar kengashining majlislarida ishtirok etadi, «KfV» Germaniya taraqqiyot banki va GFR yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan muzokaralar o‘tkazadi hamda O‘zbekiston bilan hamkorlik o‘rnatishga qiziqish bildirgan ba’zi yirik zamonaviy korxonalarga tashrif buyuradi.

Bo‘lajak O‘zbekiston-Germaniya biznes furumi doirasida va tashrif yakuniga ko‘ra iqtisodiyot va investitsiya sohalarida ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan qator hujjatlar imzolanishi kutilmoqda.