Uchuvchi-kosmonavt Vladimir Jonibekov 8 noyabr kuni Toshkentda Xalqaro press-klub tomonidan tashkil etilgan jurnalistlar bilan uchrashuvda o‘z tajribalari to‘g‘risida so‘zlab berdi.

6 noyabr kuni Vladimir Jonibekov Jizzaxda Sharof Rashidov haykali ochilishida ishtirok etdi. U davlat arbobi va yozuvchi bilan bog‘liq xotiralarini o‘rtoqlashdi.

Vladimir Jonibekov so‘zlariga ko‘ra, ular haykaltarosh Shapiro Yakovning uyida mehmondorchilikda uchrashgan. Ular haykaltarosh ish jarayonini kuzatishgan, siyosat va respublika hududida bo‘lib o‘tayotgan keng miqyosli qurilishlar to‘g‘risida suhbat qurishgan. «Menga undagi chin insoniy qiziqishlar va ochiqlik ma’qul kelgan», — dedi u.

Kosmonavt Sharof Rashidov Oy sathidan namuna olish uchun qo‘llanilgan burg‘ining Toshkent kostruktorlik byurosida ishlab chiqarilganidan mag‘rurlik hissini tuyganini esga oldi. Ta’kidlash joizki, Yerning tabiiy yo‘ldoshi sathidan 2 metr balandlikdan o‘tgan mazkur burg‘i o‘rnatgan rekord hamon yangilanmagan.

Vladimir Jonibekov koinotga besh marta parvoz qilgan. Ularning birida o‘zi bilan Paxtachilik institutidan olgan paxtaning ikkita naviga oid 50 dona chigitni olib chiqqan. Kosmonavt harorat Selsiy bo‘yicha 5−8 darajadan oshmaganiga qaramay, kosmik stansiyaga borishi bilanoq chigitlarni ekib, ularni ultrabinafsha nurlar tushishi uchun illyuminator qarshisa joylashtiradi.

Stansiya aylanib turgani, illyuminatorda quyosh bir tushib, bir ko‘rinmay qolishi sababli unib chiqqan ko‘chatlar bir-ikki yaproq chiqarib, so‘ng to‘kilaveradi. Biroq Vladimir Jonibekov tadqiqotni to‘xtatmasdan, stansiyadan ketishiga ikki hafta ichida yana 20 ta urug‘ni ekadi.

«Men ularni qadoqlab, skafandrga joylashtirdim va yuragimda Yerga olib keldim. 20 ta ko‘chatdan 19 tasi ko‘kardi», — deydi u. Kosmonavtning so‘zlariga ko‘ra, ushbu tadqiot natijasida paxtaning yangi navi paydo bo‘ldi. Ularda tola uzunligi 78 mm ni tashkil etdi, ayni paytda Hindiston va Misr navlarida bu ko‘rsatkich 43−45 mm bo‘lgan.

Vladimir Jonibekov avvallari kosmonavt bo‘lishni istaganlar juda ko‘pchilikni tashkil etgan bo‘lsa, hozirda ancha kamayganini ta’kidlab o‘tdi.

«Bizning davrimizda 1150 nafar nomzoddan 8 nafari saralab olingan. Bugun 8−10 kishi komissiyaga ariza topshirsa, ulardan bir nafarigina o‘tishi mumkin. Hozirda birinchi parvozga tayyorlash 12−15 yil davom etadi, tibbiyotchilar ayniqsa ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishadi. Biz kuchsizlashdik. Bu muammo yildan-yilga murakkablashmoqda».

Vladimir Jonibekov nomzodlarda biologik resurslar ko‘proq bo‘lishi lozimligini ta’kidlaydi. Uning fikricha, jismoniy taryorgarlik, qat’iyat va o‘z ustida ishlash ko‘p narsani hal qiladi.

«Otryadga salomatlik bo‘yicha saralab olindi, biroq aql bo‘yicha ham so‘raldi, shuning uchun o‘z ustida ishlash lozim. Eng og‘iri — o‘z «istayman»ingni yengib, o‘zingni nima qilish kerak bo‘lsa, o‘shanga majburlash. Hozirgi yoshlar psixologiyasida bu noyob narsaga aylangan», — dedi kosmonavt.

Toshkent haqida so‘zlar ekan, Vladimir Jonibekov shaharning obodlashib, go‘zallashgani, G‘arbiy Yevropa madaniyatining ayrim qirralarini o‘zida namoyon etganini ta’kidlab o‘tdi.

«Asosiysi, ichki ijtimoiy muammolar hal etilishi, qisqa muddatli safarlarda ular ko‘zga tashlanmaydi, biroq ularning borligini his etish mumkin. Yoshlar o‘rnimizni egallamoqda, ular keyinchalik qanday yashashni hal etishadi», — dedi kosmonavt.