Joriy yil iyunidan Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi lavozimida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan hokim vazifasiga tasdiqlandi. Bu haqda O‘zA xabar qildi. 9 noyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti SHAvkat Mirziyoyev rahbarligida Xalq deputatlari Samarqand viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasida mazkur masala ko‘rib chiqildi.

Davlat rahbari Samarqand viloyatiga 10−11 noyabr kunlari bo‘lib o‘tadigan «Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yo‘lidagi hamkorlik» mavzuidagi xalqaro konferensiyasida ishtirok etish uchun tashrif buyurgan edi.

Payshanba kuni davlat rahbari Hazrati Xizr majmuasida bo‘lib, Birinchi Prezident Islom Karimov qabrini ziyorat qildi. Qur’on tilovat qilindi.

Shavkat Mirziyoyev Samarqand shahridagi sobiq liftsozlik zavodi hududida tashkil etilgan yangi sanoat majmuasida bo‘lib, viloyatda amalga oshirilayotgan yirik loyihalar bilan tanishdi. Dastlab yengil sanoat korxonalarida ishlab chiqarilgan mahsulotlar namunalarini ko‘zdan kechirdi.

U qator loyihalar, jumladan turizm sohasidagi loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etayotgan turkiyalik tadbirkorlar bilan suhbatlashdi.

Xalq deputatlari viloyat kengashi sessiyasiyasida Prezident viloyatda turizmni rivojlantirishni tezlashtirish bo‘yicha topshiriqlar berdi. U bir oy muddatda O‘zbekistonning barcha shaharlaridagi aeroportlarda xizmat ko‘rsatish madaniyatini oshirish, sayyohlar uchun rasmiylashtirish jarayonlarini tezlashtirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish vazifasini qo‘ydi.