Osiyo futbol konfederatsiyasi O‘zbekiston futbol federatsiyasiga o‘z grant dasturlari doirasida 600 ming dollar ajratadi, deya xabar qildi O‘FF matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga.

O‘FF Umid Ahmadjonov va OFK rahbari Shayx Salmon bin Ibrohim al-Xalifaning Malayziya poytaxti Kuala-Lumpurdagi uchrashuvi doirasida mazkur kelishuvga erishildi.

Andijon, Surxondaryo va Xorazm viloyatlarida bolalar uchun mini maydonlar qurishga 300 ming dollar ajratilsa, xuddi shuncha mablag‘ Respublika Oliy sport mahorati maktabi (ROSMM) sun’iy maydonini rekonstruksiya qilishga yo‘naltiriladi.

Uchrashuv chog‘ida tomonlar Oliy liga klublarini litsenziyalash talablari to‘g‘risidagi masalalarni ham muhokama qilishdi. OFK prezidenti O‘zbekiston Professional futbol ligasining FIFA va OFK dasturlari hamda boshqa normativ hujjatlar talablari asosida O‘FF va PFL musobaqalarida ishtirok etish uchun professional klublarga qo‘yilgan talablarni yuqori baholadi.

«Biz termamiz kuchli bo‘lishini istaymiz. Biroq milliy chempionat darajasini oshirmasdan turib termani kuchaytira olmaymiz», — deb hisoblaydi O‘FF prezidenti Umid Ahmadjonov.