«Barselona» futbol klubi va Ispaniya termasining sobiq himoyachisi Karles Puyol O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Payshanba kuni u Oliy liga 28-turi doirasidagi «Paxtakor» — «Olmaliq» o‘yinini tomosha qilish uchun «Paxtakor» stadioniga boradi va yosh futbolchilar uchun master-klass o‘tkazib, o‘z muvaffaqiyat sirlari bilan o‘rtoqlashadi. «Barselona» yulduzining rasmiy tashrifi FIFA prezidenti Janni Infantinoning shaxsiy ko‘magi asosida tashkil etildi.

Ayni paytda Karles Puyol futbol agenti sifatida faoliyat ko‘rsatib, yosh futbolchilar manfaatlariga xizmat qilmoqda. Toshkentda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida sobiq himoyachi yosh futbolchilar top-klublar darajasiga chiqish uchun «nol"dan harakat qilishlari lozimligini ta’kidladi.

«Men darhol bu vazifa oson emasligini aytaman. Biroq men ushbu g‘oyani qo‘llab-quvvatlayman, chunki yoshlar, bu — kelajak. Masalan, Ispaniyada, aynan „Barselona“, „La Masiya“ yoshlar akademiyasida biz shunchaki futbolchilar emas, birinchi navbatda — shaxslarni shakllantiramiz», — dedi u.

«Har doim noldan boshlash kerak, chunki faqatgina siz top-klublarga g‘oyalarni yoki o‘yinchilarni ilgari surishingiz mumkin. Ushbu klublarda juda yuqori talablar mavjudligini hisobga olib, siz, sizning o‘yinchilaringiz yoki barcha yosh o‘yinchilarga haftasiga hattoki uch martalab o‘ynashlariga to‘g‘ri keladi. Shu sababdan kerakli top-klub darajasiga erishish uchun noldan boshlash kerak», — deya ishonch bildirdi Karles Puyol.

Murabbiylik karerasi va O‘zbekiston termasida ishlash imkoniyatlari to‘g‘risidagi savollarga javob berar ekan, sobiq futbolchi hozircha murabbiylik qilish haqida o‘ylamayotganini ma’lum qildi.

«Hozircha bilmayman, chunki hali yoshman — bor yo‘g‘i 40 yoshdaman. Birinchidan, menda murabbiylik litsenziyasi yo‘q. Ikkinchidan hozircha murabbiylik karerasini boshlashni o‘ylayotganim yo‘q, biroq hammasi kelajakda bo‘lishi mumkin», — dedi u.

Karles Puyol o‘zining sobiq murabbiylaridan qaysi biri — Lui van Gal yoki Xosep Gvardioladan qaysi biri uning uchun qadrliroq ekani to‘g‘risidagi savolga javob qaytardi.

«Bu juda qiyin savol. Van Gal mening futbol kareramga asos solgan va tajribalarini men bilan bo‘lishgan inson edi. Men Lui van Gal g‘oyalari sharofati bilan siz maydonda ko‘rgan o‘yinchiga aylandim. Menimcha, u men uchun qadrliroq. Pep Gvardiola bilan juda yaxshi lahzalarni o‘tkazdik, u menga juda ko‘p yangiliklarni joriy etdi va mening kareram qanday bo‘lsa aynan o‘shanday bo‘ldi».

Karles Puyol hujumchi Dide Drogbaga qarshi o‘ynash har doim qiyin kechganini ma’lum qildi.

«Leo Messi men to‘qnash kelgan eng murakkab va xavfli hujumchi bo‘lgan. Mashg‘ulotlarda uni to‘xtatish qiyin kechgan», — dedi u. Va davom etdi: «Aslida esa u Dide Drogba edi. U jismonan juda kuchli edi va jarima maydonchasida paydo bo‘lsa, uni to‘xtatishning imkoni yo‘q edi. Uning fikrlashi, jismoniy ma’lumotlari va texnikasi shu darajaga olib kelgan».

Mehmon dunyodagi eng yaxshi futbolchi qaysi — «Barselona» hujumchisi Lionel Messimi yoki Madridning «Real» klubi forvardi Krishtianu Ronaldumi, degan savolga ham javob qaytardi.

«Men Messi bilan har kuni uchrashganmiz, u bilan birga mashg‘ulotlarda qatnashganman, uning kuchli tomonlarini bilaman. U fenomenal futbolchi, shaxsan men uni butun futbol tarixidagi eng kuchli futbolchi deb bilaman. Krishtianu Ronaldu ham yaxshi o‘yinchi, u jismonan juda kuchli, uning darajasi har yili oshmoqda», — dedi Karles Puyol.

«Kim yaqin kelajakda eng yaxshi futbolchi bo‘ladi? Neymar, deb hisoblayman. Aynan u Messi va Ronaldu darajasiga yaqin o‘yinchi. Biroq kelgusi besh-yetti yilda Leo va Krishtianu o‘z pozitsiyalarini boy berishadi, deb o‘ylamayman», — qo‘shimcha qildi u.