O‘zbekiston Prezidenti 8 noyabr kuni «Energiya resurslaridan oqilona foydalanishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorni qarorni imzoladi.

Hujjatda keltirilishicha, iste’molchilar toifasini inobatga olgan holda yetkazib berilayotgan energiya resurslari qiymatini aniqlashda tabaqalashtirilgan yondashishning mavjud emasligi ulardan nooqilona foydalanishga olib kelmoqda, energiya tejamkor texnologiyalar va muqobil energiya manbalarini joriy etishni rag‘batlantirmayapti.

«Shaharsozlik sohasidagi amaldagi norma va qoidalar ob’ektlarning energiya samaradorligini ta’minlovchi zamonaviy talablarga javob bermaydi. Shuningdek, binolar va inshootlarning qurilishi va rekonstruksiya qilinishida energiya tejamkor materiallar va texnologiyalarni qo‘llashga yetarli e’tiborning mavjud emasligi ham energiya resurslarining ortiqcha sarf qilinishiga olib kelmoqda», — deyiladi hujjatda.

«O‘zdavenergonazorat», «O‘zdavneftgazinspeksiya», «O‘ztransgaz» va «O‘zbekenergo» faoliyati qoniqarsiz deb topildi.

Qaror bilan 2018 yil 1 yanvardan energiya manbalaridan oqilona foydalanishni rag‘batlantirishga qaratilgan qator mexanizmlar joriy etiladi.

Jumladan, pishiq g‘isht, gips, sement va boshqa mahsulotlarni ishlab chiqaruvchilar, shuningdek alohida xizmatlarni ko‘rsatuvchilar (restoranlar, kafe va boshqalar) elektr energiyasi (750 kVAgacha bo‘lgan quvvatga ulangan) va tabiiy gaz uchun to‘lovlarni Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan o‘rnatiladigan o‘sib boruvchi koeffitsiyentlar va tariflarga muvofiq amalga oshiradi.

750 kVA va undan yuqori bo‘lgan quvvatga ulangan (byudjet tashkilotlari, fermer xo‘jaliklari va suv iste’molchilari uyushmalarining nasos stansiyalari, shuningdek, Davlat byudjetidan moliyalashtiriladigan nasos stansiyalari bundan mustasno) iste’molchilar elektr energiyasi uchun hisob-kitoblarni ikkinchi guruh tariflar bo‘yicha to‘lovlarni amalga oshiradigan yuridik shaxslar uchun tarif miqdorida belgilanadigan sutka vaqtlarining tabaqalashtirilgan tarifi bo‘yicha amalga oshiradi.

Bunda yagona elektr energetika tizimining eng katta yuklamali soatlarida (tig‘iz payt — belgilangan tartibda o‘rnatilgan ertalabki va kechki «eng katta miqdor») foydalanilgan elektr energiyasi uchun to‘lovlar belgilangan tarifga nisbatan 1,5 baravar miqdorda o‘suvchi koeffitsiyentni qo‘llash orqali, eng kam yuklamali soatlarda esa (tungi payt — sutkaning qorong‘i vaqti) belgilangan tarifga nisbatan 1,5 baravar miqdorda kamayuvchi koeffitsiyentni qo‘llash orqali va yarim tig‘iz paytda (sutkaning yorug‘ vaqti) o‘rnatilgan tarif bo‘yicha amalga oshiriladi.

Davlat organlari va muassasalarining bino va inshootlari, shuningdek, ko‘p kvartirali uy-joy fondini loyihalashtirish, rekonstruksiya qilish, qurish va foydalanishga topshirishda ularda energiya samarador va energiya tejamkor texnologiyalardan foydalanilganligi yuzasidan shaharsozlik normalari va qoidalariga muvofiqligi tekshiriladi.

Bundan tashqari, yakka tartibdagi uy-joy qurilishidan tashqari, barcha bino va inshootlarni loyihalashtirish, rekonstruksiya qilish va qurishda, issiq suv ta’minoti uchun sertifikatlangan quyosh suv isitgich qurilmalarini, shuningdek, energiya tejamkor lampalarni majburiy tartibda o‘rnatish ko‘zda tutiladi.

Davlat organlari va tashkilotlari 2022 yil 1 yanvardan ularning balansida bo‘lgan bino va inshootlarda issiq suv ta’minoti uchun faqat sertifikatlangan quyosh suv isitgich qurilmalari, shuningdek, mamlakatimizda ishlab chiqarilgan ichki yoritish energiya tejamkor lampalardan foydalanishi shart, ular markazlashtirilgan issiq suv ta’minotidan uzib qo‘yiladi.

Davlat organlari va tashkilotlari bino va inshootlarida quyosh suv isitgich qurilmalari va mahalliylashtiriladigan mahsulotlar asosida O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan energiya tejamkor lampalarni o‘rnatish bosqichlarini belgilash rejalashtirilgan. Shuningdek, ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni kengaytirish va energiya tejamkor lampalarni turar va noturar joylarda bosqichma-bosqich joriy etish bo‘yicha kompleks dastur qabul qilinadi.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, davlat organlari va tashkilotlari tomonidan issiq suv ta’minoti uchun quyosh suv isitgich qurilmalarining joriy etilishi va foydalanilishi natijasida isitilmaydigan davrda (aprel-oktyabr) isitish stansiyalari tomonidan tabiiy gaz iste’moli hajmi deyarli 10 million kub metr yoki 2,5 milliard so‘mga qisqaradi.

Qarorda muqobil energiya manbalarini joriy etish yuzasidan tadbirkorlik faoliyatini samarali rag‘batlantirish uchun zarur bo‘lgan huquqiy asoslarni shakllantirish bo‘yicha chora-tadbirlar nazarda tutildi. Bugungi kunda 35 ta biogaz ishlab chiqaruvchilar, 10 ta quyosh elektr energiyasi yetkazib beruvchilar va mikrogidroelektr stansiyalardan elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi 5 ta korxonaning imkoniyatlari to‘liq ochib berilmagan.

Qarorga berilgan rasmiy sharhda keltirilishicha, Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi tomonidan tasdiqlangan 300 dan ortiq shaharsozlik normalari va qoidalari bugungi kun talablariga javob bermaydi. Shuni inobatga olib, qarorda shaharsozlik normalari va qoidalari Adliya vazirligidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi, energiya samarador va energiya tejamkor texnologiyalarni qo‘llash borasida «Energiya tejash milliy kompaniyasi» AJ bilan kelishilishi nazarda tutilmoqda.