9 noyabr kuni AQSH Prezidenti yordamchisining o‘rinbosari, Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari bo‘yicha bosh direktor Liza Kertis Toshkentda Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashdi, deya xabar qildi AQSHning Toshkentdagi elchixonasi matbuot xizmati.

Tomonlar 31 oktyabr kuni Nyu-Yorkda sodir etilgan terror hujumini muhokama qilib, umumiy tahdidlarga qarshi hamkorlikni oshirishga kelishib olishdi. Liza Kertis O‘zbekistonning yaqindagi iqtisodiy islohot, adolatli mehnat tajribalarining o‘sishi va mintaqaviy munosabatlari yaxshilanayotganini qo‘llab-quvvatladi.

Uchrashuvda Janubiy Osiyo bo‘yicha yangi strategiya va ikki tomonlama hamkorlik masalalari ham muhokama qilindi. Liza Kertis Amerika Qo‘shma Shtatlari tinchlik va barqarorlikni ta’minlash maqsadida O‘zbekiston hukumati va mintaqadagi hamkorlar bilan ishlashga sodiq ekanini ta’kidladi.