«O‘zbekiston havo yo‘llari» Milliy aviakompaniyasi turk eksperti Orxan Savrikayani strategik rivojlantirish bo‘yicha maslahatchi sifatida jalb qilindi, deya xabar qildi aviatashuvchi sayti. Turk maslahatchisini jalb qilish masalasi O‘zbekiston Prezidentining oktyabrdagi Turkiyaga davlat tashrifi jarayonida ishlab chiqilgan edi.

Orxan Savrikaya (1967 yilda tug‘ilgan) — texnika fanlari nomzodi, fuqarolik aviatsiyasi masalalarida taniqli top-menejer. Bosfor universiteti (sanoat muhandisligi fakulteti, 1991 yil)bitiruvchisi. Turkiya, Yevropa va Shimoliy Amerikada aviayo‘nalishlarni rejalashtirish va boshqarish, yangi biznes-modellarni tashkil etish, marketing va daromadlarni boshqarish bo‘yicha mas’uliyatli lavozimlarda ishlagan. Yaqin vaqtlarga qadar Turkish Airlines vitse-prezidenti lavozimida faoliyat ko‘rsatgan.

Orxan Savrikaya MAKda 6 noyabrdan ishga kirishdi. U aviakompaniyani rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish, jadvallarni optimallashtirish va samolyotlar parkini rejalashtirish, marketing va savdo, shuningdek axborot texnologiyalarini joriy etish kabi vazifalarni bajaradi.