Toshkent IIBB xodimlari poytaxt bozorlarida sotib olingan idish-tovoqlarni aldov yo‘llari bilan shaharning har xil tumanlarida qimmat narxlarda qayta sotgan chet el fuqarolari shaxsini aniqladi.

IIBB saytida xabar qilinishicha, o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida 6 noyabr kuni to‘rt nafar sigan millatiga mansub bo‘lgan Moldova Respublikasi fuqarolari —Nenita Matfey (1991 yilda tug‘ilgan), Kira Yerimey Igorevich (1995), Radukan Nikita (1992) va Nenita Mixail (1973) aniqlandi. Ular Toshkent shahrida joylashgan mehmonxonada vaqtincha yashab kelayotgan bo‘lgan.

5 noyabr kuni esa ikki nafar sigan millatiga mansub bo‘lgan Moldova fuqarolari —Pleshko Aleksandr (1991 yilda tug‘ilgan) hamda Chebotar Aleksandr (1987) qo‘lga olingan edi.

Mazkur shaxslar Chilonzor tumanidagi «Abu Saxiy» bozoridan oshxona anjomlari, idish-tovoq komplektlari va shu kabi boshqa buyumlarni arzon narxlarda sotib olib, ularni Toshkent shahridagi ko‘p qavatli uylarning atrofida, bozorlarda hamda supermarketlarda go‘yoki mazkur buyumlar Yevropa davlatlarida ishlab chiqarilganligini bildirib, xaridorlarni aldash orqali qimmat narxlarga sotib kelayotgani ma’lum bo‘ldi.

IIBB saytida yuqorida tilga olingan shaxslarning javobgarlikka tortilgani to‘g‘risida ma’lumot bermagan. Boshqarma faqatgina fuqarolarni bozorlarda, mahallalarda va boshqa jamoat joylarida turli shaxslardan buyumlar sotib olishda ogohlikka chaqirgan.

«…xarid qilishdan avval buyumning haqiqiy ekanligi, ishlab chiqarilgan joyi, sifati hamda narxiga e’tibor bering va bu orqali aldanib qolishingizni oldini oling», — deyiladi IIBB xabarida.

Bundan avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Yevropada ishlab chiqarilgan, deya sotilgan, biroq sifati talablarga javob bermaydigan idish-tovoqlar savdosi to‘g‘risida bir necha bor xabarlar e’lon qilingan edi.