O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi huzurida Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tashkil etildi. «O‘zfarmsanoat» Davlat aksionerlik konserni tugatilmoqda. Bu Prezident Shavkat Mirziyoyevning 7 noyabrdagi «Farmatsevtika tarmog‘ini boshqarish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonida ko‘zda tutilgan.

Hujjatga berilgan rasmiy sharhda qayd etilishicha, sohada mahalliy farmatsevtika tarmog‘ining rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan ayrim tizimli kamchiliklar saqlanib qolinmoqda.

Bugungi kunga qadar farmatsevtika tarmog‘ini barqaror rivojlantirishning yagona strategiyasi ishlab chiqilmagan hamda mahalliy farmatsevtika korxonalarining faoliyatini, shu jumladan tegishli mahsulotlarni aholi va sog‘liqni saqlash muassasalarining ularga bo‘lgan ehtiyojini hisobga olgan holda ishlab chiqarish bo‘yicha lozim darajada muvofiqlashtirish ta’minlanmagan.

«O‘zfarmsanoat» davlat aksiyadorlik konserni tarkibiga kiruvchi korxonalar umumiy sonining 19 foizi faoliyat yuritmayapti, 30 foizining ishlab chiqarish faoliyati tayyor mahsulotni qadoqlash, o‘rash va yorliq yopishtirish bilan chegaralangan. Hozirgi vaqtda dori ishlab chiqarish uchun import qilinayotgan xom ashyo umumiy sonining 23,4 foizi tayyor mahsulot hisoblanadi. Mahalliy farmatsevtika korxonalarining ilmiy-tadqiqot ishlarini o‘tkazishga bo‘lgan manfaatdorligi mavjud emasligi oqibatida «O‘zfarmsanoat» konserni korxonalari tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazilgan asl dori vositalarining ulushi bor yo‘g‘i 1,3 foizni tashkil etadi.

Yangi agentlikka farmatsevtika tarmog‘ini barqaror rivojlantirish strategiyasini, shu jumladan davlat-xususiy sheriklikni joriy etish yo‘li bilan ishlab chiqish va amalga oshirish, farmatsevtika korxonalari va tashkilotlarining faoliyatini muvofiqlashtirish, aholi va davlat sog‘liqni saqlash muassasalarini dori vositalari, tibbiyot buyumlari hamda tibbiyot texnikalari bilan ta’minlash dasturlarini amalga oshirish bo‘yicha vazifalar yuklatildi.

Agentlik dori vositalari, tibbiyot buyumlari va tibbiyot texnikalarini, shu jumladan chet eldan import qilinayotganlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va sertifikatlashni, farmatsevtika korxonalarini tegishli ishlab chiqarish amaliyoti xalqaro qoidalarga muvofiqligini sertifikatlashtirishni amalga oshiradi.

Sog‘liqni saqlash vazirligining dori vositalari, tibbiyot buyumlari va tibbiyot texnikalari ekspertizasi va standartizatsiyasi davlat markazi, O‘zbek kimyo-farmatsevtika ilmiy-tadqiqot instituti, Toshkent vaksina va zardoblar ilmiy-tadqiqot instituti, «Sharq tabobati» ilmiy-tadqiqot instituti Agentlikning tasarrufiga o‘tkazildi.

Sog‘liqni saqlash vazirligining «O‘zmedeksport» davlat korxonasi «O‘zmedimpeks» davlat unitar korxonasi etib qayta nomlanib, Agentlikning tasarrufiga o‘tkazildi. Bunda «O‘zmedimpeks» O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadigan ro‘yxat bo‘yicha ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlarining yagona yetkazib beruvchisi etib belgilandi,shuningdek, ularni saqlash, qayta ishlash va yetkazib berish bo‘yicha agenti hisoblanadi.

Davolash muassasalari va aholini dori-darmon vositalari bilan ta’minlashni nazorat qilish respublika komissiyasi uning funksiyalarini O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligiga yuklagan holda tugatildi.

Endilikda ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlarining ro‘yxatiga kiritilgan dori vositalari hamda tibbiyot buyumlari uchun qat’iy narxlar Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadi.

Farmonda dori vositalari va tibbiyot buyumlarini ro‘yxatga olish, narxini belgilash tartibini takomillashtirish, qonunchilikka «in bulk» mahsulotning aniq belgilangan tushunchasini kiritish, shuningdek, ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlarining qat’iy narxini belgilash tartibiga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, dori vositalari, tibbiyot buyumlari va tibbiyot texnikalarini ularning xalqaro va milliy standartlarga muvofiqligini hisobga olgan holda mahalliy ishlab chiqarilgan mahsulotlar deb topish mezonlari, shuningdek, davlat sog‘liqni saqlash muassasalari hamda davlat mulkida bo‘lgan bo‘sh turgan boshqa bino va inshootlar negizida ijtimoiy dorixonalarning joylashuvi tasdiqlanadi.